O‘zbekiston elchisi Bangladesh Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekistonning Bangladesh Xalq Respublikasidagi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida) Sardor Rustamboyev ushbu mamlakat Prezidenti Muhammad Shahobuddinga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muhammad Shahobuddin O‘zbekistonni Bangladeshning Markaziy Osiyodagi asosiy mintaqaviy sherigi va ishonchli do‘sti deb atadi. So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar va izchil tashabbuslar tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imiji yuksalib borayotganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, uchrashuvda Bangladesh hukumatining mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratayotgani bildirildi.
To‘qimachilik, farmatsevtika va charm sanoati kabi sohalarda sheriklik uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi. Bangladesh tomoni ushbu yo‘nalishlarda tajriba almashish va yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.
Muloqot chog‘ida madaniy-gumanitar, xususan, turizm va oliy ta’lim sohalaridagi sheriklikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 15 oktyabrda o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yangi elchisi Sardor Rustamboyev 2024 yil yanvar oyida Dehliga kelgan edi. Bungacha u mamlakatimizning Fransiya va Portugaliyadagi diplomatik missiyasiga rahbarlik qilgan. U bir vaqtda mamlakatning Hindistondagi elchisi hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter