Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ilhom Aliyev: «O‘zbekiston – Qorabog‘ni tiklashda yordam tashabbusi bilan chiqqan birinchi davlat»

Ilhom Aliyev: «O‘zbekiston – Qorabog‘ni tiklashda yordam tashabbusi bilan chiqqan birinchi davlat»

Foto: Prezident matbuot xizmati

«O‘zbekiston – Ozarbayjon uchun qardosh mamlakat, ishonchli ittifoqchi. Bizni mushtarak ildizlar, ma’naviy qadriyatlar, til, etnik yaqinlik, boy tarixiy va madaniy meros birlashtirib turadi. Asrlar davomida qardosh xalqlarimiz o‘zaro iliq munosabatda bo‘lib, bir-birini chuqur hurmat qilgan. Bugun davlatlararo munosabatlarimiz ana shu mustahkam poydevor asosida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgani quvonarli, albatta», – deydi Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev.

Ozarbayjon yetakchisi bu haqda Toshkent shahrida o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga bergan intervyusida ta’kidlagan.

Ma’lumot o‘rnida: Ilhom Aliyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida uchinchi bor ishtirok etadi. Bunga qadar u 2023 yil Dushanbeda va 2024 yil Ostonada bo‘lib o‘tgan mashvaratda qatnashgandi.

“Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari strategik ahamiyati tobora ortib borayotgan umumiy tarixiy-madaniy, geografik va geosiyosiy makonni barpo etmoqda. Bir qarashda Ozarbayjonni Markaziy Osiyo davlatlaridan ajratib turgan Kaspiy dengizi, aslida, davlatlarimizni jipslashtiruvchi muhim omil hisoblanadi. Bugun ushbu dengiz shunchaki geografik tushuncha emas, balki strategik birlik, iqtisodiy salohiyat va xalqlarimizning tarixiy hamkorligi ramzidir. Mamlakatlarimizni nafaqat geografik yaqinlik, balki tarixiy-madaniy aloqalar, mushtarak diniy va ma’naviy qadriyatlar, urf-odatlar birlashtirib turadi”, – deydi Ilhom Aliyev.

Qayd etilishicha, Ozarbayjon mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan hamkorlikni eng yuqori darajada har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Ikki tomonlama asosda o‘rnatilgan mazkur strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, shuningdek, faol siyosiy muloqot, o‘zaro tashriflar ushbu jarayon muvaffaqiyatli kechishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

So‘nggi bir necha yil ichida davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va muloqotlari dinamikasi munosabatlar yuqori darajada ekanini yaqqol namoyon etmoqda. Xususan, oxirgi 3 yil ichida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ozarbayjonga 30 ga yaqin tashrifni amalga oshirdi. Ozarbayjon rahbari esa xuddi shu davrda qardosh mamlakatlarga 13 marta kelgan.

“Hozirga kelib, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar eng yuqori – ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan. Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan o‘rtamizda shakllangan ishonchli va do‘stona shaxsiy munosabatlar ham ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. O‘zbekiston yetakchisining davlatlararo munosabatlarimiz rivojiga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi, keng ko‘lamli hamkorlikni izchil mustahkamlash masalalariga qaratayotgan doimiy e’tiborini alohida ta’kidlamoqchiman. Qardosh O‘zbekiston rahbari, atoqli davlat arbobi, Ozarbayjonning yaqin do‘sti prezident Shavkat Mirziyoyevni yurtimizda qabul qilish biz uchun doim katta sharaf va mamnuniyat bag‘ishlaydi. O‘tgan bir yarim yil davomida bunday tashriflar besh marta yuz berdi. Bularning bari munosabatlarimizning yuqori sur’atidan dalolat”, – deydi Ozarbayjon yetakchisi.

Munosabatlarni rivojlantirish strategiyasini belgilashda 2023 yil avgust oyida ta’sis etilgan Oliy davlatlararo kengash ham alohida o‘rin tutadi. O‘zaro davlat tashriflari doirasida – 2024 yil 22 avgust kuni Toshkentda va 2025 yil 2 iyulda Bokuda ushbu tuzilma yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan. Fursatdan foydalanib, qardosh O‘zbekistonga Qorabog‘ni tiklash, xususan, Fuzuliyda hozir 600 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olayotgan buyuk o‘zbek olimi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab qurilishiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston Qorabog‘ mintaqasini tiklashda yordam ko‘rsatish tashabbusi bilan chiqqan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Biz buni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik, do‘stlik, birodarlik ifodasi sifatida doimo yodda saqlaymiz”, – deydi I.Aliyev.

Ta’kidlanishicha, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat ikki tomonlama formatda, balki xalqaro maydonda ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Ozarbayjon va O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining faol a’zolari hisoblanib, turkiy birlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bundan tashqari, hamkorlik BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, OHIChK va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali tus olgan.

“Qardosh mamlakatga bo‘lajak tashrifni intizorlik bilan kutyapman. Har safar O‘zbekistonning jadal rivojlanishini, mamlakat xalqi erishayotgan ulkan yutuqlarni behad mamnunlik bilan kuzataman. Keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, jamiyat hayotining barcha sohalari izchil modernizatsiya qilinayotgani mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu yutuqlar do‘stim va birodarim prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan, aniq maqsadga yo‘naltirilgan va puxta o‘ylangan davlat siyosati samarasidir”, – deydi I.Aliyev.

Ozarbayjon rahbari intervyu mobaynida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi darajasini qoniqarli deb baholagan.

“Har ikki tomon o‘zaro aloqalarni kengaytirish uchun katta ishlar qilmoqda, yangi loyihalarni ilgari surib, qo‘shma tashabbuslar ilgari surishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bugungi kunda Ozarbayjonda O‘zbekiston investitsiyasi ishtirokidagi 120 ga yaqin tijorat tashkiloti ro‘yxatdan o‘tgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport va xizmat ko‘rsatish sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda”, – deydi u.

Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo jadal sur’at bilan rivojlanmoqda. Xususan, 2024 yil o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 252 million dollarni tashkil etdi. 2025 yil yanvar-sentyabr oylarida ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 87,5 foiz o‘sib, 319 million dollarga yetdi.

Sarmoyaviy hamkorlik ham mustahkamlanmoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Ozarbayjon iqtisodiyotiga 21,8 million dollar sarmoya kiritgan, Ozarbayjon esa O‘zbekiston iqtisodiyotiga 183,5 million dollar investitsiya yo‘naltirgan. 2023 yil umumiy kapitali 500 million dollarlik, ham mamlakatlarimiz hududida, ham uchinchi davlatlarda loyihalar amalga oshirishni ko‘zda tutgan Ozarbayjon – O‘zbekiston qo‘shma investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.

“Ozarbayjon qardosh O‘zbekiston bilan iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Buning uchun yuksak siyosiy iroda va ulkan salohiyat mavjud. Bugungi kunga qadar iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun ishonchli huquqiy asos yaratgan 200 ga yaqin hujjat imzolangan. Ozarbayjon bundan keyin ham ikki tomon manfaatlariga mos keladigan, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladigan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi”, – deydi I.Aliyev.

Ozarbayjon prezidenti transport, logistika va energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollarini baholarkan, mamlakatlarimizning “O‘rta yo‘lak” xalqaro transport yo‘lagidagi ishtiroki alohida ahamiyatga egaligini ta’kidlagan.

Suhbat davomida ikki qardosh o‘lka o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik holati yuzasidan ham qimmatli fikrlar bildirilgan.

I.Aliyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim bosqich bo‘lishiga ishonch bildirgan.

Avval xabar berganimizdek, 2024 yil avgust oyida Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalarining Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandi.

Joriy yil oktyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala sammitida qatnashib, turkiy dunyoning birdamligini mustahkamlash, jahon siyosati, iqtisodiyoti va gumanitar sohadagi rolini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Joriy yil avgust oyida “Avaza” milliy turizm zonasida “Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston” formatidagi muzokara ham bo‘lib o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring