Ozarbayjon TIV muhim sana munosabati bilan bayonot berdi
Jang maydonida hududiy yaxlitligi va suverenitetini tiklagan Ozarbayjon endilikda Janubiy Kavkazda barqaror tinchlik hamda mintaqaviy hamkorlikni o‘rnatishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu haqda 8 noyabr – Zafar kuni munosabati bilan Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi bergan bayonotda so‘z boradi.
«2025-yil 8-noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasida Zafar kunining besh yilligi nishonlanmoqda. Bu sana nafaqat 44 kunlik Vatan urushida erishilgan shonli g‘alaba bayrami, ayni choqda, milliy qudrat, qat’iyat va yakdillikning timsoli hamdir», – deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, besh yil avval Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning qat’iy yetakchiligi va Qurolli kuchlarning bemisl jasorati tufayli Qorabog‘da Armanistonning qariyb 30 yillik okkupatsiyasiga chek qo‘yildi.
«2020-yil 8-noyabr kuni Qorabog‘ mintaqasi javohiri va Ozarbayjonning madaniy beshigi Shusha shahrining ozod etilishi bilan o‘z haddi a’losiga yetgan Vatan urushi xalqimiz tarixida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Ushbu g‘alabaga bizning shahidlarimiz va veteranlarimizning qahramonligi, fidoyiligi orqali erishildi», – deyiladi TIV bayonotida.
Qayd etilishicha, «Buyuk qaytish» dasturi doirasida Ozarbayjon Qorabog‘ni tiklash choralarini ko‘rmoqda, bir vaqtlar xarobaga aylangan shaharlar yana obod qilinmoqda.
Rasmiy Boku Yerevan bilan munosabatlarni normallashtirish jarayoni va shartlarini ham sharhlagan.
Ozarbayjon matbuoti xabariga ko‘ra, prezident Ilhom Aliyev ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida so‘nggi besh yillikni g‘alabaning shonli besh yili deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon 2020-yilning sentyabrida boshlangan 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘ hududini ishg‘oldan ozod etgan va hududiy yaxlitligini tiklagan edi. 2020-yil 8-noyabr kuni Shusha shahrining ozod etilishi urushda burilish yasagan edi. Shunga ko‘ra Ozarbayjon prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi farmoniga asosan 8-noyabr mamlakatda Zafar kuni sifatida nishonlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter