Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

JSST xavotirda: Markaziy Osiyoda emlash ko‘rsatkichi pasaygan

JSST xavotirda: Markaziy Osiyoda emlash ko‘rsatkichi pasaygan

Foto: Canva

O‘tgan yili Yevropa hamda Markaziy Osiyoda poliomiyelitga qarshi emlash ko‘rsatkichi pasaydi. Buning oqibatida qariyb 450 ming chaqaloq ushbu xastalikka chalinish xavfi ostida qoldi. Bu haqda “Euronews” telekanali Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) tayanib xabar berdi.

Yevropaning kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (ECDC) poliomiyelit tarqalib ketmasligi uchun aholining kamida 90 foizi unga qarshi emlangan bo‘lishi lozim, deya tavsiya qiladi. 53 mamlakatni qamrab olgan Yevropa va Markaziy mintaqasida hozirda emlash ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda. Ammo bu raqam xotirjam bo‘lishga asos bo‘la olmaydi. Chunki 93 foiz 2017 yildan keyingi eng quyi ko‘rsatkich hisoblanadi.

ECDC tahlillariga qaraganda, 2022-2023 yillarda bir-ikki yosh oralig‘idagi 600 ming bola poliomiyelitga qarshi to‘liq emlanmagan.

Yevropa 2002 yilda poliomiyelitdan xoli hudud deb e’lon qilinganidan buyon virusning muntazam tarqalishi kuzatilmadi. Ammo tahlilchilar Yevropani poliomiyelitdan butkul xoli hudud maqomida saqlab qolish qiyinchilik bilan kechayotganini aytadi.

O‘tgan yilning kuzida Yevropaning olti mamlakati oqova suvlarida poliovirus aniqlangan. Joriy yil sentyabrda esa Germaniyada ham mazkur virus qayd etilgan.

Ushbu davlatlarda emlanish ko‘rsatkichi baland, demakki, poliomiyelitga chalinish xatari kam. Ammo sog‘liqni saqlash bo‘yicha mutaxassislar emlanmagan aholi orasida xastalik tarqalishi xavfi katta ekanidan ogohlantiradi.

Ayni paytda poliovirus Afg‘oniston, Pokiston kabi davlatlarda saqlanib qolayotganini urg‘ulagan JSST vakillari virus aniqlanganda tezkor chora ko‘rish va vaksinatsiyaga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini uqtirmoqda.

Poliomelit yuqori infeksiyali kasallik bo‘lib, viruslar tufayli yuzaga keladi. Kasallik asab tizimini shikastlab, bir necha soat ichida umumiy falajlikka olib kelishi mumkin. Poliomiyelit bilan asosan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar xastalanishi aytiladi. Vaksina bolani umri davomida virusdan himoya qilishi mumkin.

Bir paytlar poliomelit dunyo bo‘ylab har yili 350 ming bolani falaj qilgan bo‘lsa, ommaviy emlash kampaniyasi orqali u jilovlangan.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakili mamlakatimizda poliomiyelitga qarshi aralash immunizatsiya, ya’ni tomchi orqali hamda in’yeksion usulda amalga oshirilishini ma’lum qilgandi. Vaksina besh marta: bolalarning 2, 3, 4, 16 oyligida va yetti yoshida qo‘llanadi. Bolalar 4 oyligida ham tomchi orqali, ham in’yeksion tarzda emlanadi. Poliomiyelitga qarshi aholi vakillari 5 marta emlanishi hamda vaksinatsiyada aralash usuldan foydalanishilishi xavfsizlikni yanada oshiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2021 yili yurtimizda 4-5 yoshdagi 1,2 million nafar bola poliomiyelitga qarshi emlanishini bildirgandi. Vazirlikka ko‘ra, mazkur kasallik O‘zbekistonda oxirgi marta 1995 yilda qayd etilgan.



Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring