Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilar soni ikki barobar oshiriladi

Sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilar soni ikki barobar oshiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident selektorida sport vazirligi va hokimlar oldiga joriy yilda yangi tizim orqali sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilar sonini 2 karra oshirib, 1 million nafarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. 

Xuddi futboldagi kabi «Besh tashabbus» musobaqasi va sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilar bo‘yicha ham shaffof, raqamlashgan tizim qilish zarurligi qayd etildi. 

Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida sportchi va murabbiylarning natijasini tahlil qilib, mashg‘ulotlar rejasini tuzadigan platforma yaratish topshirildi. 

Sportdagi ilmiy ishlar bundan keyin faqat dolzarb muammolar yechimiga qaratilib, natijasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga joriy qilinishi zarurligi ta’kidlandi. Endilikda olimlarning ilmiy ishi natija bersa, sportchilarning yutuqlari ko‘paysa, xalqaro musobaqalarda medal olib kelsa, ushbu olimlarga 100 million so‘mdan mukofot beriladi. 

Yaqinda imzolangan Prezident qarori bilan sportga homiylik qilaman degan tadbirkorlar uchun manfaatli sharoitlar yaratildi. Endilikda federatsiya bir yillik xarajatining 20 foizi miqdorida homiylik qilgan tadbirkor boshqaruv a’zolari tarkibiga kiradi. Professional futbol klubining yillik 20 foiz xarajatini qoplagan tadbirkor klubni ishonchli boshqaruvga olishi mumkin bo‘ladi. 

«Umuman, O‘zbekistonda sport inson salomatligi va yuqori natijalar garovi bo‘lish bilan birga daromad keltiradigan sohaga ham aylanishi zarur», – dedi davlatimiz rahbari. 

Misol uchun, futbol bo‘yicha milliy chempionat o‘yinlari ba’zida ish vaqtida o‘tkazilayotgani, shu bois, muxlislar tashrifi kutilganidek bo‘lmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Agar o‘yin vaqti dam olish kuni yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilansa, stadionlar atrofida aholiga qiziqarli qo‘shimcha xizmatlar, musiqiy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilinsa, o‘yin kunlari muxlislar uchun qulay transport qatnovi yo‘lga qo‘yilsa, raqib jamoa muxlislariga arzon futbol turpaketlari taklif qilinsa, klublar uchun 2-3 karra ko‘p tushum, muxlislar uchun mazmunli hordiq, tadbirkorlarga qo‘shimcha daromad bo‘ladi. 

Mutasaddilarga mana shu ishlar orqali stadionlarga muxlislar tashrifini keskin oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. 

Yig‘ilishda joylarda 39 ta ochiq va yopiq sport inshooti ta’mirtalab bo‘lgani bois, to‘liq foydalanilmay turgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Mutasaddilarga bu joylarni zamonaviy sport majmualariga aylantirish uchun qulay shartlarda xususiy sheriklikka berish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi. 

Bugun 100 mingdan ortiq yoshlar olimpiya o‘yiniga kirmagan sport turlari bilan doimiy shug‘ullanyapti. Ular dzyudo, sport kurashlari, taekvondo, qilichbozlik, og‘ir atletika kabi olimpiya sport turlari uchun tayyor zaxira ekani ta’kidlandi. 

Sport vazirligi va hokimlarga sport maktablarida yoshlar qiziqadigan noolimpiya sport turlari bo‘yicha ham seksiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi. 

Shuningdek, O‘zbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tashkil qilish taklifi ma’qullandi. 

«Shu o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalmoqchiman: o‘tgan hafta yangi qonunni qabul qilib, har bir vazir, federatsiya rahbari, hokimni jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mas’uliyati, majburiyati va javobgarligini aniq belgilab qo‘ydik. Bundan buyon ushbu rahbarlardan talab ham, so‘rov ham shunga yarasha bo‘ladi!», – dedi Prezidentimiz. 

Yig‘ilish davomida davlatimiz rahbari soha rahbarlari va hokimlarning hisobotlarini tingladi, tadbirkor va sportchilar bilan muloqot qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring