Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Samarqandda saylanadi
Kirsan Ilyumjinov.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) sobiq rahbari Kirsan Ilyumjinov shaxmat olamini tark etishini ma’lum qildi.
U «Kommersant» nashriga bergan intervyusida tashkilot rahbarligi uchun o‘tadigan saylovlarda qatnashmasligini, ushbu sohadagi faoliyatiga butunlay yakun yasab, o‘z loyihalari bilan shug‘ullanishini bildirdi.
«Nomzodlarga qarab turib, kim bilan raqobatlashaman, deb o‘ylab qoldim. Men shaxmat uchun hamma narsani qilib bo‘ldim: 1990-yillardagi bo‘linishdan keyin shaxmat olamini birlashtirdim, bu sport turining Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olinishiga erishdim. Saylovoldi jarayonlarini ko‘z oldimga keltirib, bir suvga qayta tushishni istamasligimni angladim», — dedi Ilyumjinov.
U 64 yoshdaligi ramziy ma’noga ega ekanini qo‘shimcha qilib, «Shaxmat taxtasidagi barcha kataklarni bosib o‘tdim», — dedi.
Avvalroq FIDE prezidentligi uchun saylovda uning amaldagi rahbari Arkadiy Dvorkovich qatnashmasligini aytgandi. U Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani sababli «tashkilotni xatarga qo‘ymaslik»ka qaror qilgan. «Kommersant» nashriga ko‘ra, shu tariqa so‘nggi 30 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor tashkilotga rossiyalik bo‘lmagan vakil rahbarlik qiladi.
Ushbu lavozimga germaniyalik tadbirkorlar Vadim Rozenshteyn va Yan Henrik Byuttner, shuningdek, Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi rahbari hamda «Freedom Holding Corp.» asoschisi Timur Turlov da’vogarlik qilmoqda. Saylov shu yilning sentyabr oyi oxirida Samarqanddagi FIDE Bosh assambleyasi doirasida o‘tkaziladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter