Oziq-ovqat mustaqilligiga erishgan yagona mamlakat (video)
Dunyoda yuz millionlab odamlar oziq-ovqat tanqisligini boshdan kechirayotgan bir paytda, Janubiy Amerikaning kichik bir mamlakati tashqaridan yordamsiz o‘zini to‘liq ta’minlay oladigan yagona davlatga aylandi, deb yozmoqda ScienceFocus.
Bu — 830 mingga yaqin aholi yashovchi Gayana. Hududi — salkam 215 ming kvadrat kilometr (Belarusdan kattaroq). Ta’kidlanishicha, bu mamlakat oziq-ovqat mahsulotlarining barcha asosiy guruhlari bo‘yicha to‘liq o‘zini o‘zi oziq-ovqat bilan ta’minlashga erishdi.
Har to‘rtinchi gayanalik mamlakat hududining atigi 1 foizini tashkil etuvchi qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qiladi.
Gayana Venesuela, Braziliya va Surinam o‘rtasida joylashgan va aholisining katta qismi mamlakat umumiy maydonining 5 foizidan kamrog‘ini tashkil etuvchi qirg‘oqbo‘yi tekisligida to‘plangan.
Mamlakat hududining 85 foizi o‘tib bo‘lmas tropik o‘rmonlardan iborat, bu esa keng ko‘lamli qishloq xo‘jaligi uchun deyarli imkoniyat qoldirmaydi. Eng muhim jihat ham shunda, gayanaliklar noyob o‘rmonlarni saqlab qolishdi, kuchlarini daraxtlarni kesishga emas, balki juda cheklangan qishloq xo‘jaligi yerlaridan o‘ta samarali foydalanishga sarflab, oziq-ovqat mustaqilligiga erishishdi.
Buyuk Britaniyaning Glostershir shahrida joylashgan Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti xodimi Nikola Kennonning aytishicha, Gayana qirg‘oqbo‘yi mintaqasining iqlimi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun juda mos.
Mamlakat ekvatorning shundoqqina biqinida joylashgan: yil bo‘yi issiqlik ko‘p, yog‘ingarchilik mo‘l, yuqori namlik va eng muhimi, ming yillar davomida to‘plangan unumdor tuproq bor. Ammo Gayananing muvaffaqiyatini tushuntirish uchun iqlimning o‘zi yetarli emas. Muvaffaqiyat siri Gayana o‘zining cheklangan qishloq xo‘jaligi yerlaridan qanday foydalanayotganida.
Dunyodagi qishloq xo‘jaligi yerlarining aksariyatida faqat bitta ekin keng, bir xil maydonlarda yetishtirilayotgan bir paytda, Gayana fermerlari dehqonchilikda butunlay boshqacha yondashuvdan foydalanadilar. Ular aralash ekish bilan shug‘ullanishadi. Ya’ni, bir maydonda ikki yoki undan ortiq ekinlar birgalikda yetishtiriladi, bunda har biri o‘z o‘rnini egallaydi va resurslardan turli vaqtlarda foydalanadi.
Kokos palmasi yetishtiruvchi dehqonlar yosh daraxtlar yetilishiga qadar ularning orasiga ananas yoki pomidor ekishadi. Makkajo‘xori va soya bir xil tuproqdan foydalanadi: soya azotni tabiiy ravishda to‘playdi, makkajo‘xori esa mavsumning boshqa davrida bu ozuqa moddalarini oladi.
Sholi va manioka kabi asosiy ekinlardan tortib, keng turdagi meva va sabzavotlargacha — bu qishloq xo‘jaligi xilma-xilligi nafaqat odamlarni boqadi, balki mamlakat tuprog‘ini ham faol oziqlantiradi. Aralash ekinlar bir joyda bir xil ekin yetishtirishga nisbatan hosildorlikni 1,2-1,5 baravar oshirishi mumkin.
Mamlakat regenerativ qishloq xo‘jaligi deb nomlanuvchi usul orqali oziq-ovqat ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqda — bunda tuproq unumdorligiga umuman ziyon yetmaydi.
Chorvachilik dehqonchilik tizimiga moslashtirilgan, bunda tirik ildizlarning yil bo‘yi yerda saqlanishi hisobiga tuproq eroziyasining oldi olinadi. Bu usullar tuproq salomatligini faol tiklaydi hamda yemirilishining oldini oladi.
Mutaxassislarga ko‘ra, Gayana resurslari cheklangan kichik mamlakatlar doimiy oziq-ovqat beqarorligiga mahkum emasligiga yaxshi misoldir.
Ushbu videoda ham Gayananing oziq-ovqat mustaqilligi haqida so‘z boradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter