Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Qayerdasan sinfdosh: sukut ortidagi og‘riq yoki unutilgan, unutgan sinfdosh haqida esse

Qayerdasan sinfdosh: sukut ortidagi og‘riq yoki unutilgan, unutgan sinfdosh haqida esse

foto: illyustrativ

Bor, lekin ko‘rinmaydi...

U ham ciz bilan birga o‘qigandi. Bir partada o‘tirmasa ham, bir sinfda edi. Har kuni kelardi. Va hech qachon oralaringizda emasdi. Ko‘p gapirmasdi. Yo‘q, balki gapirgisi kelmasdi, balki siz gapirtirmadingiz, balki siz tinglamadingiz, balki siz uning ustidan kulishni, laqab qo‘yishni, inkor etishni – do‘stlikdan ustun qo‘ydingiz.

U darslarda qo‘l ko‘tarmasdi, u uzr so‘rardi, hatto aybi bo‘lmasa ham.

U maktabni yomon ko‘rmasdi. U faqat... o‘zini u yerda insondek his qilmasdi.

Bunday kamsitilgan o‘quvchi har bir sinfda bo‘lgan, esladingizmi? Esladingizmi, sinfdosh, kamsitishlarni, laqab qo‘yishlarni, «u bilan o‘tirma», «unga kim gapirsaaa...», degan  beg‘ubor bolalikning yana boshqa bir parchasi «iliq» xotiralarni. Balki siz o‘sha kunlarni xotiralaringiz sandig‘ini kovlasangiz ham topa olmassiz, ammo uni unutmagan sinfdoshlaringiz ham bor, har sizni eslaganida, ko‘ngli sim-sim og‘riydi...

Bular shunchaki bolalik deb o‘tkazib yuborilgan, ammo bir inson bir umr inkor etilishga mahkum bo‘lgan davrning boshlanishi.

Har bir sinfda shunday sinfdoshlar bo‘lgan: bor, lekin ko‘rinmaydi – yolg‘iz o‘tiradi, yolg‘iz ovqatlanadi, yolg‘iz yuradi...  Keyin maktab tugaydi. Siz o‘z hayotingizni davom ettirasiz, u ham o‘z yo‘lida ketadi.

Lekin har yili 25 may kuni siz sinfdoshlaringizni izlaysiz, ularga quchoq ochasiz. U esa yo‘q – kim mening sinfdoshim, kim mening do‘stim edi, deb o‘zidan so‘raydi.

Hech e’tibor berganmisiz, sinfdoshlaringiz orasida  maktabni bitirib umuman o‘zini ko‘rsatmay ketganlari ham borligiga. To‘g‘ri ba’zilar qandaydir sabablar bilan sinfdoshlariga bog‘lana olmasligi mamkin, garchi unda umuman hech qanday ruhiy jarohatlar bo‘lmasa ham... Ammo shunday sinfdoshlaringiz borki, ular sizdan qochadi, ha, ishonavering qochadi, hozir texnologiya rivojlangan, odamlar bir-birini oson topish imkoni bo‘lgan bir paytda ular telegram gruppalariga kirmaydilar, ijtimoiy tarmoqlarda sizlar bilan topishishni istamaydilar. Ko‘pgina sinfdoshlar guruhlarida – ayniqsa onlayn guruhlarda (Telegram, WhatsApp, Facebook  va h.k.) – hamma go‘yo bir-birini sog‘ingan, bolalikni eslayotgandek ko‘rinadi. Ammo bu tashqi, ijtimoiy niqob. Chunki u yerda gapirilmaydigan, yopiq qolgan jarohatlar, ruhiy zarbalar bor. Chunki ular uchun u guruhlar – «eslash», «nostalgiya» emas, balki «hissiy azob»larini eslatadigan og‘riqli joy.

Sinfdoshlar guruhida kimlar yo‘q?

Kolorado universiteti (AQSh) aspiranti Kristofer Sibona ijtimoiy tarmoqlarda obuna bo‘lish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi va Facebookda ko‘pincha sinfdoshlar bir-biri bilan do‘stlikdan voz kechishini aniqladi. Obunani bekor qilish sababi odatda kechagina xuddi shu sinfda o‘tirgan odamlarning dunyoqarashi tubdan begonalashuvidir. Juda qo‘pol qilib aytganda, bugungi kunda yoshlar orasida aytilmagan qoida bor: «Agar siz kimnidir do‘stlaringiz ro‘yxatidan o‘chirib tashlasangiz, uni hayotingizdan o‘chirib tashlagan bo‘lasiz». Va ko‘pincha buni sobiq sinfdoshlar qilishadi. Xo‘sh, bu sizning-cha, nima degani?

Maktabni bitirgach boshida uni rosa izlashadi, o‘z saflariga tortishmoqchi bo‘lishadi, keyin esa unutishadi. Va bu unutilish o‘sha sinfdoshga juda yoqadi, ishoning yoqadi. Chunki u vaqtida qaysidir jihatlari sinfdoshlariga o‘xshamagani uchun kamsitilgan, laqab olgan, yakkalatilgan. Juda ko‘pchilik yoshlikni, sinfdoshlarini beg‘uborlik bilan bog‘lagan bir paytda u aynan o‘sha yillarini eslasa qalbida og‘riq paydo bo‘ladi.

 M: «Men sinfdoshlar guruhida yo‘qman. Chunki ular ilk marta menga xunuk laqab qo‘yishgan kuni hamma kulib yuborgan, men esa o‘sha kechqurun yig‘lab uxlagandim. Maktabni bitirguncha o‘sha laqab bilan qoldim. Ular uchun balki bolalik – shirin xotira. Men uchun esa – og‘riq, 25 yillikka ham bormoqchi emasman.»

«Qizlar bugun biz sinfdoshlar bilan 20 yillikda uchrashmoqchimiz, sizlar-chi uchrashib turasizlarmi?», degan postga ko‘pchilik maktab davrini mazza qilib eslagan, ammo yana bir anonim yozilgan izoh e’tiborimni tortdi:

«Hamma sinfdosh deganda quvonch bilan bolaligini eslarkan, ammo men eslagim kelmaydi u davrlarni. Meni ko‘p mazax qilishgan, ba’zi bir sabablarga ko‘ra, to‘g‘ri yonimni olgan dugonalarim ham bo‘lgan, lekin juda ko‘pchilik ustimdan kulib, mazaxlashgan. Endi hammasini unutib, bir guruhda «qayta bolalik» o‘ynashga tayyor emasman.»

  

Demak, sinfdoshlar orasida sizning sho‘xligingiz deb bullingga uchragan sinfdoshlar haqida fikr yuritamiz bugun. Balki «sinfdoshlik bu faqat yaxshi xotira» degan ijtimoiy mifni sindiramiz. Bugun o‘sha payti unutilgan, himoyasiz qolgan sinfdoshlarni eslaymiz, ularni tinglaymiz.

Qimmatga tushgan «beozor» sho‘xliklar

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir post o‘qidim, uni bir o‘qituvchi yozgan edi. Ya’ni o‘quvchilar nogiron bolaning ustidan kulishgani haqida edi mavzu.

Shunda bir izoh o‘ziga tortdi, «to‘polonchi bolada ayb yo‘q, u shunchaki sho‘xlik qilgan...»

  

Biz maktabda o‘qib yurganda ham o‘rtoqlarining ustidan kulish yoki biror o‘quvchini yakkalab qo‘yish shunchaki sho‘xlik deb baholanardi, bugun esa bildikki, bu sho‘xlikning to‘lovi juda qimmat, hattoki biror insonning kelgusidagi muvaffaqiyati yoki jamiyatga singib ketishiga ana shu sho‘xliklar xalaqit qilarkan. Buni zamonaviy tilda bulling deymiz.

Bullingning, ya’ni o‘sha beozor sho‘xlikning psixologiyaga ta’siri juda katta. Bu kabi bolalik tajribalari insonning o‘z-o‘zini qadrlashga va hatto kelajakdagi munosabatlarga ham ta’sir qilishi mumkin.

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, har uch boladan bittasi (9–15 yosh) maktabda oyda bir marta bo‘lsin ruhiy zo‘ravonlikka uchragan – masxaralangan, kalaka qilingan, yakkalatilgan...

Professor Dan Olveus bullingni ilk marta o‘rgangan – shved va norveg maktablarida bolalarning 15 foizi agressiv munosabatga duch kelishini: 9 foiz bola qurbon, 7 foizi esa zo‘ravon bo‘lganligini aniqlagan.

Eslab ko‘ring, aytolmaysiz mening sinfimda biror o‘quvchiga birorta zo‘ravon sinfdoshim tahdid qilmagan, haqorat qilmagan, masxaralamagan deb. Yoki jamoadan ajralmagan, yakkalanmagan o‘quvchi yo‘q edi deb...

Sinfdoshlar orasida jismonan zaif yoki ko‘rinishi, qiyofasi bilan ajrab turadigan, o‘zlashtirishda ortda qoladigan, o‘qituvchidan dakki eshitadigan, oilaviy sharoiti qiyinroq o‘quvchilar bo‘lgan va aynan shular ko‘proq bullingga uchragan. Ba’zi vaqtlar esa o‘qituvchi mehr qo‘ygan, a’lochi o‘quvchilar ham bulling qurboni bo‘lgan.

Mana shu maqolani yozish asnosida bir xabarga ko‘zim tushdi. Yaponiyaning 25 yoshli fuqarosi bo‘yin muskullarini boshqarishni butunlay yo‘qotdi va boshini ko‘tarolmay qoldi. Shifokorlar unga ko‘p yillik g‘ayritabiiy tana holatidan kelib chiqqan «egilgan bosh sindromi» ning og‘ir shakli tashxisini qo‘yishdi.

Ismi oshkor etilmagan bemor bolaligidan faol bo‘lgan, ammo maktabda tahqirlanganidan keyin o‘qishni tashlab ketgan va deyarli butun vaqtini telefoniga ko‘milgan holda o‘tkazgan. Yillar davomida bo‘yin egilgan holda harakatsizligi orqa miya deformatsiyasiga olib keldi. Telefon uning hayotini qanday buzdi, deb savol qo‘yilgan xabarda, men uning hayotini telefon bilan birga atrofdagilar ham izdan chiqardi deb o‘ylayman.

Bir paytlar, hali bulling haqida unchalik ma’lumotga ega bo‘lmaganimda bir ayolning aytganini esladim:

– Menga sinfdoshlarim unchalik qiziq emas...

Men: – Nimaga?

U: – Chunki mening aybim a’lochi va chiroyliligimda bo‘lsa kerak. To‘g‘ri o‘sha payti chiroyimga ishonmaganman, hatto o‘zimni eng xunuk va rasvo qizman deb, o‘ylaganman. Bunday o‘ylashimga sabab esa bir guruh sinfdosh qizlar hecham safiga qo‘shmasdi. Qarangki, o‘sha masxaralagan qizlar na o‘qishni qoyilatdi, na shaxsiy hayotni...Men esa juda ko‘p yutuqlarga erishdim, ammo sinfdoshlarimni ko‘rsam o‘zimni baribir juda past baholayman, yana o‘sha eski xo‘rliklar esimga tushadi...

O‘shanda balki unga ko‘pam e’tibor bermagandirman, hozir esa u qanday ruhiy jarohatlar bilan yashayotganini, ichida alam va o‘kinch qolib ketganini tushunaman. To‘g‘ri ba’zida bunday holga tushgan o‘quvchi mukkasidan o‘qishga beriladi, yutuqlarga erishadi yoki...

Qaysi mamlakatda bulling ko‘p, o‘sha yerda iqtisod o‘smaydi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan O‘zbekistondagi maktablarda bulling yoki bezorilik o‘quvchilarning akademik yutuqlariga qanday ta’sir qilishi o‘rganilganida, o‘quvchilarning ruhiy salomatligi va ta’lim natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Bu esa uzoq muddatda inson kapitalining rivojlanishi, demografik dividend, iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bulling holatlari yuz berganda, u nafaqat jabrlanuvchilarning ruhiy yoki jismoniy holatiga zarar yetkazadi balki ularning o‘quv ko‘rsatkichlarini pasaytirib, ta’lim olish darajasining tushishiga sabab bo‘larkan. Hatto malakasi past ishchi kuchining shakllanishiga olib keladi va natijada iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi. Qarang, biz sho‘xlik deb ataydigan zo‘ravonliklar iqtisodni ham pasaytirishi mumkin ekan... bu birgina sinfdoshning aziyati yoki ruhiy jarohati emas, butun mamlakatga tegishli zarba ekan. Tadqiqotda O‘zbekistonda olingan PISA 2022 so‘rovi natijalaridan foydalanilgan. So‘rov mamlakatning turli hududlari bo‘yicha 15 yoshli o‘quvchilarning javoblarini mujassam etgan bo‘lib, uning asosida yaratilgan ma’lumotlar bazasi 202 ta maktab va 7293 nafar o‘quvchini qamrab olgan.

Mazkur so‘rov natijalariga ko‘ra, kamida har yetti o‘quvchidan bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi va zo‘ravonlik yoki bezorilikka guvoh bo‘lgan. Ular yiliga kamida bir marotaba duch keladigan muammolar o‘quvchilarning yomon gaplarni tarqatishi, maktab hududida boshqa o‘quvchilar bilan urishishi, boshqa bolalar tomonidan kamsitilishi. Repest modeli yordamida qilingan ushbu tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, maktabda xavfsizlik indeksining bir birlikka yomonlashishi o‘quvchilarning bahosini matematikadan o‘rtacha 5,2 ballga, o‘qishdan 6,2 ballga, tabiiy fanlardan 4,7 ballga kamaytiradi.

Amerikadagi National Bullying Prevention Center ma’lumotlariga ko‘ra bullingga uchragan yoshlar ko‘pincha o‘zini past baholaydi va depressiya, nizo ko‘tarish kabi psixologik muammolarga duch kelishadi. Ular hamjihatlik, ijtimoiy ko‘nikmalar va ishonchni yo‘qotishadi.

Sinfdoshlarga qadrli bo‘la olmaganlar....  

Keling, yana mana, hozir ayni daqiqalarda nostalgiya bilan eslaydigan inson hayotidagi eng yorqin maktab davrimizga qaytamiz.

Sinfdoshlar, go‘yo uzoq yillik, iliq xotiralar bilan bog‘liq insonlar bir-birini izlayapti... Ammo ba’zilar uchun maktab – sho‘xlik, beg‘ubor bolalik deb hisoblangan bir paytda, ba’zilar uchun esa hazil niqobi ortidagi bulling – laqab, maxaz ortidagi ruhiy zarbalar iz qoldirgan maskan bo‘lgan. Ular sinfdoshlarini sog‘inmaydi, ular guruhlarga qo‘shilmaydi, tadbirlarda ishtirok etmaydi: ular sukunatni tanlaydi. Va ularni ham tushunish kerak.

Bitiruv oqshomi – his-hayajonga to‘la kecha. Quvonchli daqiqalar, turli rollar taqsimoti, o‘qituvchiga sovg‘a, hammasi ajoyib  va hamjihatlikda. Lekin mana shunday quvonchli kunda kimdir kelmadi. Yoki kelib, bir burchakda sukut saqladi. Chunki uning maktab xotiralari bugungi birgina tadbir, uchrashuv orqali oqlanmaydi. Chunki u har kuni uyga yig‘lab qaytgan. U har kuni o‘zini yolg‘iz his qilgan.  

Biz hammani maktab haqida go‘zal xotiralarni o‘ylab entikishga majbur qila olmaymiz, maktabni, sinfdoshlarni sog‘inmaydiganlar, maktab davriga qaytishni va hammaga quchoq ochishni istamaydiganlar bor va bu ham tabiiy.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sinfdoshlar guruhlaridagi sukutchilarni esladingizmi? Ularning barchasi ruhiy og‘riqlari bilan emas, balki ba’zi sabablar bilan jim sizni kuzatishi mumkin. Lekin umuman qo‘shilishni istamaydiganlar bor, ularni majburlaysiz gohida, nega yozmaysan, nega kirmaysan, nega chiqib ketding, deya maktabdagidek bosim o‘tkazmoqchi bo‘layotgandirsiz? Ehtimol, ular bizga maktabni, sinfdoshlikni, o‘z bolaligimizdan boshqalarning bolaligiga ham qarab qayta baholashni o‘rganishimiz kerakligi haqida aytmoqchidir?

Axir biz «sho‘xlik», beg‘araz hazil deb atagan jarohatlar ba’zilar uchun boshlanmagan imkoniyatlar, ochilmagan darvozalar bo‘lishi mumkin.

Nima uchun biz hanuz kechirim so‘ramaymiz?

Qizig‘i shundaki, bulling qilganlar hayotda ilgarilab ketishi mumkin. Ular o‘z qilganlarini unutib, hayotni «bolalik hazillari» bilan to‘la, deb eslashadi. Ammo hazil qurboni sinfdoshingiz hanuz o‘sha hazillar ostidagi yolg‘izlik bilan yashab keladi. U hanuz tan olinishni, uzrni intizorlik bilan kutmoqda.

Biz «hamma bolalikda shunday bo‘ladi» degan qolipni sindirmasak, keyingi avlodlarga ham aynan shu jarohatlarni meros qoldiramiz.

Eslang, yuzidagi dog‘ tufayli har doim parda ortida, odamlardan uzoq yashayotgan sinfdoshingizni, eslang biror hayvon nomini yorliq qilib yopishtirgan sinfdoshingizni, eslang otasining ichishidan, onasining farroshligidan hijolat bo‘lgan tengdoshingizni. Agar ularni siz qo‘llab-quvvatlaganingizda balki o‘zini chekkaga olmasdi. Ba’zi laqablar, haqoratlar unutilmaydi, chunki ular oddiy so‘z emas...

 

Kechirim so‘rashga vaqtimiz bormi?

Hammamiz bir vaqtlar shunchaki «sho‘xlik» deb o‘ylagan bolaligimiz butun bir odamning hayotini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin. Har bir aytilgan so‘z, har bir mazax, har bir «bolalikda hamma narsa beg‘ubor bo‘ladi», degan tushuncha keyinchalik keskin ta’sir qilishi mumkin.

Kechirim so‘rashga kech emas, to‘g‘rimi? Chunki haqiqiy sinfdosh o‘tmishda qilgan xatosi uchun kechirim so‘rashni ham biladi.

Har yili 25 may kuni maktab, ustozlar, sinfdoshlar eslanadi.

Har yili sinfdoshlar uchrashuvidan video, suratlar qo‘yiladi, hayotdan erta ketganlar duo bilan eslanadi. Lekin orangizdan qalban ketib qolganlar-chi? Qatorlaringizda bor bo‘lib laqablar, masxaralar, inkorlar ostida o‘z «men»ini yo‘qotganlar-chi?

Ularni ham kimdir eslaydimi? Sinfda «hammaga moslashgan», hammaga o‘xshaganlarni eslash oson. Lekin bizga «moslasha olmagan», «to‘g‘ri kelmagan»lar bugun qayerda?  

Haqiqiy qadrdonlik – hamma bilan suratga tushish, birdamlik, yig‘ilish emas, balki bir paytlar unutilgan, yakkalatilgan insondan kechirim so‘ray olish ham.

25 may tom ma’noda bitiruv oqshomi va sinfdoshlar kuni.

Lekin bu safar, iltimos, faqat bir payt qo‘l berganlaringizni, qo‘llab-quvvatlaganlaringizni emas, bir umr sizdan o‘zini olib qochgan, sukutdagi sinfdoshingizni ham eslang. U qayerda? U hali ham sinfdoshlariga nisbatan sukut saqlayaptimi?

Qayerdasan sinfdosh?

Mana sen haqingda maqola yozilibdi. Senga kech bo‘lsa-da, quloq tutilmoqda, seni eshitishga tayyormiz...... deng.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring