Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

10 ta OTMga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ilmiy klasterlar ochiladi

10 ta OTMga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ilmiy klasterlar ochiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

3-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, taqdimotda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Jumladan, «U10 – O‘zbekistonning global darajadagi ilg‘or universitetlari» dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida tanlov asosida 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ularda ilmiy klasterlar tashkil etiladi.

Milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan universitetga ilmiy klaster tashkil etish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 150 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, ushbu tanlov professor-o‘qituvchi va olimlar salohiyati, ishtirokchi tashkilotlarning milliy va xalqaro reytinglardagi o‘rni, ilmiy infratuzilmasi hamda moliyalashtirishdagi ulushi kabi ko‘rsatkichlar asosida o‘tkaziladi.

Tashkil etiladigan ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari hamkorligidagi konsorsium sifatida faoliyat yuritadi.

Oliy ta’lim tizimida natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

2027-yildan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda universitetlar ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish va bitiruvchilar bandligi kabi mezonlar asosida baholanadi.

Shu bilan birga, davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun oliygohlarga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini shakllantirishda ham yangi yondashuvlar taklif etildi. Endilikda ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, mehnat bozori ehtiyojlari, universitet reytingi, hududiy omillar va professor-o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish kabi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.

Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi ustuvor yo‘nalishlarga sarflanadi. Loyihalarni saralash xalqaro ekspertiza, ilmiy-texnik kengashlar va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar faoliyatida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni kengaytirishga qaratilgan yangi tizim taklif etildi. Jumladan, oliygohlarning «spin-off» korxonalarini tashkil etish orqali «tarmoq – korxona – oliy ta’lim tashkiloti – ilmiy tashkilot» zanjiri asosida innovatsion mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.

O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim xabiga aylantirish maqsadida xorijiy talabalarni jalb etish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi. Jumladan, har yili respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarida 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim olish uchun grant ajratishni nazarda tutuvchi «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturini amalga oshirish belgilanmoqda.

Davlat rahbari mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring