Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Raqobat qo‘mitasi nodavlat ta’lim xizmatlari uchun qator qoidalar taklif etdi

Raqobat qo‘mitasi nodavlat ta’lim xizmatlari uchun qator qoidalar taklif etdi

Foto: Xabar.uz

Raqobat qo‘mitasi nodavlat ta’lim xizmatlari sohasidagi vaziyatni tahlil qildi. Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi uch yilda qo‘mitaga kelib tushgan 103,5 mingta murojaatning 2 070 tasi ta’lim xizmatlariga oid bo‘lib, ularning qariyb 96 foizi nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq.

Murojaatlar natijasida iste’molchilar foydasiga qariyb 1 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.

Tahlillarga ko‘ra, fuqarolar asosan ta’lim sifati talab darajasida emasligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi, shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi haqida yetarli ma’lumot berilmasligi, muddatli to‘lov shartnomalarini bekor qilishdagi qiyinchiliklar hamda reklamada va’da qilingan xizmatlar amalda bajarilmasligidan norozi bo‘lgan.

Qo‘mitaning qayd etishicha, amalda ta’lim sifati ustidan davlat nazorati mavjud bo‘lsa-da, nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini tartibga soluvchi aniq mexanizmlar va pullik ta’lim xizmatlari uchun yagona qoidalar yo‘qligi iste’molchilar huquqlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Xorijiy tajriba o‘rganilganidan so‘ng qo‘mita nodavlat ta’lim xizmatlari bozorini tartibga solish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdi. Ularga nodavlat ta’lim xizmatlari uchun ixtiyoriy sertifikatlash tizimini joriy etish, pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishning yagona qoidalarini ishlab chiqish hamda ta’lim tashkilotlarining iste’molchilar bilan munosabatlariga qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash kiradi.

Qo‘mita mazkur takliflarni vakolatli davlat organiga yuborganini hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring