Binancega hakerlar hujumi: kompaniya rasmiy bayonot berdi
Avvalroq Binance kriptobirjasi hakerlar hujumidan 6,3 mlrd dollar zarar ko‘rgani haqida saytimizda xabar berilgandi. Keyinroq kriptovalyuta tranzaksiyalarini kuzatuvchi tahlilchilar ushbu hujumni Shimoliy Koreyaning Lazarus guruhiga tegishli TraderTraitor bo‘linmasi bilan bog‘lashdi.
Dunyo matbuoti bugun eng ko‘p e’tiborni qaratgan mavzulardan biri shu bo‘ldi. O‘z-o‘zidan bir-birini inkor etuvchi turfa xabarlar ko‘paymoqda. Xo‘sh, aslida vaziyat qanday? Binance kompaniyasi ayni paytdagi holat bo‘yicha yangilangan rasmiy izohini berdi.
Unda shunday deyiladi:
Binance foydalanuvchilarning hodisadan ta’sirlangan aktivlarini qaytarishni boshladi. Shuningdek, qo‘shimcha mablag‘larni aniqlash, muzlatish va qaytarish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, aktivlar emitentlari, blokcheyn-tahlil kompaniyalari hamda sohaning boshqa ishtirokchilari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
Binance yuzaga kelgan yo‘qotishlarni kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplaydi.
Buning uchun Binance allaqachon 6,34 milliard AQSh dollaridan ortiq o‘z mablag‘ini zaxiraga ajratdi. Ushbu mablag‘ning 5 milliard dollari hodisa natijasida ta’sirlangan aktivlar bilan aynan bir xil tokenlarda saqlanmoqda. Hozirda biz har bir ta’sirlangan aktiv bo‘yicha ehtimoliy yetishmovchilikni to‘liq qoplash uchun qolgan aktivlarni bozor va OTC kanallari orqali sotib olmoqdamiz.
Ushbu jarayon ma’lum vaqt talab qilishi mumkin. Ayrim tokenlarning likvidligi cheklangan, OTC bitimlari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish ham vaqt talab etadi. Tasdiqlangan yangi ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan jarayonning borishi haqida xabar berib boramiz.
6,34 milliard dollarlik ushbu summa qaytarish va qo‘shimcha tekshiruv jarayonida bo‘lgan muzlatilgan yoki himoyalangan aktivlarni o‘z ichiga olmaydi. Hozirga qadar soha hamkorlarimizning ko‘magi bilan qariyb 3 milliard dollarlik aktivlarni muzlatishga erishdik. Ushbu mablag‘larni qaytarish bo‘yicha hamkorlarimiz va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda ish olib borishda davom etmoqdamiz.
Binance tasdiqlangan har qanday mablag‘ yetishmovchiligini qoplash uchun o‘z resurslaridan foydalanishda davom etadi. Aktivlarni qaytarish jarayoni olg‘a siljigani sari tasdiqlangan yangi ma’lumotlarni e’lon qilib boramiz. Yakuniy natijada barcha foydalanuvchilar mablag‘larining saqlangani Proof of Reserves (zaxiralar isboti) orqali ochiq tarzda tasdiqlanadi.
Biz bu vaziyatni bartaraf etamiz, deyiladi rasmiy bayonotda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter