AQShning Venesuelaga zarbasi va Grenlandiyaga siyosiy bosimlar
AQSh bayrog‘i ranglarida bo‘yalgan Grenlandiya xaritasi AQSh prezidenti Donald Tramp maslahatchisining rafiqasi Keti Miller tomonidan ijtimoiy tarmoqda e’lon qilindi. U postga qisqacha «Tez orada» deb izoh qoldirgan.
Tabiiyki, bu post AQShning navbatdagi ehtimoliy bosqiniga ishora sifatida talqin qilindi. Daniya rasmiylari esa bunday bildirishni keskin tanqid qilib, Qirollikning hududiy yaxlitligiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qildi.
Shu orada AQShning Venesuelaga bergan harbiy zarbasi oqibatlari haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. The New York Times nashrining ma’lum qilishicha, hujum natijasida kamida 40 nafar harbiy va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Marko Rubio Venesuela bo‘yicha AQSh tomonidan boshqaruvda yetakchi rol o‘ynashi mumkin. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda. Biroq hozircha mamlakatni tartibga solish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqilmagan.
Reuters agentligiga ko‘ra, Venesueladan neft yetkazib berish deyarli to‘xtab qolgan. Sabab sifatida portlarda turgan tankerlarga jo‘nash uchun ruxsat berilmayotgani, ayrim kemalar esa port hududini bo‘sh holda tark etayotgani qayd etilmoqda.
Shu bilan birga, Politico gazetasi AQSh hukumati neft kompaniyalariga qat’iy ultimatum qo‘yganini yozmoqda. Agar ular musodara qilingan aktivlar uchun kompensatsiya olishni istasa, Venesuelaning neft qazib chiqarish sohasiga katta miqdorda sarmoya kiritishi shart.
Bundan tashqari, Ilon Maskka tegishli Starlink kompaniyasi Venesuelada bir oy davomida bepul internet bilan ta’minlashni va’da qildi.
Xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, mazkur voqealar Lotin Amerikasida geosiyosiy keskinlik yanada kuchayib borayotganidan dalolat bermoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter