Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Britaniyaga tahdid tug‘dirayotgan uch davlat nomi ochiqlandi

Britaniyaga tahdid tug‘dirayotgan uch davlat nomi ochiqlandi

MI5 bosh direktori Ken MakKallum.

Foto: AP

Buyuk Britaniya nafaqat terror tashkilotlari, balki bir qator davlatlarning ham misli ko‘rilmagan tahdidiga duch kelmoqda. Bu haqda mamlakat Ichki razvedka xizmati (MI5) bosh direktori Ken MakKallum ma’lum qildi.

“Davlatlar tahdidi ortib bormoqda. So‘nggi yillarda MI5 josuslik hamda parlamentimiz, universitetlarimiz va muhim infratuzilmalarimizga tahdid ehtimoli sabab taftish etayotgan shaxslar soni 35 foizga ortdi”, – deydi Ken MakKallum.

Xitoy qirolikka tahdid solayotgan birinchi davlat deb zikr qilingan.

Ken MakKallumning fikricha, Pekin kiberjosuslik, texnologik sirlarni o‘g‘irlash, Buyuk Britaniya ijtimoiy hayotiga yashirin ravishda aralashish orqali Buyuk Britaniya xavfsizligiga har lahzada tahdid tug‘dirmoqda.

O‘tgan yili akademik Kristofer Berri va parlament tadqiqotchisi Kristofer Kesh Xitoyga Buyuk Britaniya xavfsizligiga tahdid soluvchi ma’lumotlarni yetkazishda ayblangan edi. O‘tgan hafta prokurorlar mazkur shaxslardan ayblov olib tashlanganini ma’lum qildi. Ichki razvedka xizmati esa bunga e’tiroz bildirgan.

MI5 bosh direktori Ken MakKallum Rossiya hamda Eronni ham tahdid tug‘dirayotgan uch davlat ro‘yxatiga kiritgan.

Qayd etilishicha, Rossiya va Eron josuslikning o‘t qo‘yish, jismoniy zo‘ravonlik kabi qo‘pol usullaridan tez-tez istifoda etadi.

“Rossiya boshboshdoqlik va buzg‘unchilikka intilmoqda. Oxirgi yilning o‘zida biz politsiya bilan birgalikda Rossiya yetakchilari dushman deb bilgan shaxslarga qaratilgan bir qator g‘arazli harakatlar va fitnalarning oldini olishga muvaffaq bo‘ldik”, – degan Ichki razvedka xizmati rahbari.

MI5 rahbariga ko‘ra, Eron ham Britaniya zaminida o‘z dushmanlarini yo‘q qilishga urinmoqda. So‘nggi 12 oy ichida Tehron amalga oshirgani aytilayotgan 20 dan ziyod suiqasdlar yo‘qqa chiqarilgan.

Ingliz jamiyatining ijtimoiy kayfiyati ham razvedka xizmati xulosasiga hamohang deyish mumkin. Avval xabar berganimizdek, More in Common tahlil markazi tadqiqotida ham respondentlar Xitoy, Rossiya va Eronni mamlakatning asosiy dushmanlari deb atagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring