Dunyodagi eng keksa juftlik yoxud 83 yillik muhabbat tarixi
Floridada (AQSh) istiqomat qiluvchi Layl va Eleonora Gittenslar dunyo rekordini yangiladi: ular insoniyat tarixidagi eng keksa oila sifatida rasman tan olindi.
Layl va Eleonora 1941 yilda Klark universitetida o‘qiyotgan chog‘i tanishgan. Bir yildan keyin turmush qurishgan, ammo hech qancha vaqt o‘tmasdan Layl Ikkinchi jahon urushiga chaqiriladi. Homilador Eleonora turmush o‘rtog‘iga omon qaytishiga ishonch bildirib har kuni xat yozadi.
Eleonoraning ishonchi o‘zini oqlagan — Layl urushdan qaytgan, ularning oilasi yana birlashgan. Bugun Layl 108, Eleonora 107 yoshda, ular nafaqat yuz yoshdan oshgan nuroniylar, balki 83 yil birga yashagan mustahkam oila sifatida dunyo rekordchilari.
Uzoq yil birga yashash va uzoq umr ko‘rish siriga qiziqqanlarga ular oddiy javobni aytishadi: «Shunchaki muhabbatli bo‘ling!»


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter