G‘arbiy Sohilda xavotirli vaziyat
Falastinning ishg‘ol ostidagi hududi – Iordan daryosining G‘arbiy Sohilida zo‘ravonlik harakatlari kuchaymoqda, deb xabar berdi “Al Jazeera” telekanali.
Isroilning kelgindi aholisi Bayt-Lahm hamda Xevron hududidagi qishloqlarda falastinliklar tegishli uy va avtomobillarga o‘t qo‘ygan.
Avvalroq Xevron janubi-sharqida joylashgan Sair shahridagi tinch aholi vakillariga qarashli mol-mulk ham yoqib yuborilgan edi. Kelgindi aholi falastinliklarni kaltaklagan. Isroil kuchlari esa zo‘ravon fuqarolarga chora ko‘rish o‘rniga tez yordam va o‘t o‘chirish mashinalari yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lgani xabar qilingan.
O‘tgan hafta esa kelgindilar G‘arbiy Sohildagi masjidlardan biriga o‘t qo‘ygan edi.
“Al Jazeera”ga ko‘ra, bu yil G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik haddan ziyod kuchayib ketgan. Falastin ma’muriyati birgina joriy yil oktyabr oyida Isroil kuchlari va yahudiy aholi vakillari G‘arbiy Sohilda 2350 ta hujum uyushtirganini ma’lum qilgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yahudiy aholi vakillarining falastinliklarga zo‘ravonligini qoralagan. Ammo tahlilchilar fikricha, aynan uning ma’muriyati Falastin yerlarida yahudiy manzilgohlari qurilishini kengaytirmoqda.
Joriy yil iyul oyida BMTning inson huquqlari bo‘yicha idorasi G‘arbiy Sohilda yahudiy aholi vakillarining falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik harakati Isroil xavfsizlik kuchlarining roziligi, ko‘magi va ba’zida bevosita ishtirokida amalga oshirilayotganini bildirgan edi.
Buyuk Britaniyada joylashgan “Save the Children” tashkiloti tahlillariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida Isroil harbiylari tomonidan G‘arbiy Sohilda
bolalarni o‘ldirish ko‘rsatkichi keskin ortgan. Ikki yilda o‘ldirilgan bolalar soni 18 yil davomida o‘ldirilganlar soniga tengdir.
G‘arb davlatlari Isroildan ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda falastinliklarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik harakatlarini to‘xtatishni talab qilib kelmoqda.
Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi. Hozirga qadar mazkur hududda 160 ta manzilgoh qurilgan va 700 ming nafar yahudiy aholisi joylashtirilgan. Tel-Aviv hukumati xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, G‘arbiy Sohilda noqonuniy manzilgohlarni ko‘paytirishga harakat qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Isroil parlamenti joriy yil iyul oyida G‘arbiy Sohil “yahudiy xalqi tarixiy vatanining ajralmas qismi” ekani iddao qilgan holda, hududni qo‘shib olish haqida hujjat qabul qilgan edi. Bu harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.
BMT ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning okkupatsiya siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter