Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ispaniya Isroilga nisbatan keskin diplomatik chora qo‘lladi

Ispaniya Isroilga nisbatan keskin diplomatik chora qo‘lladi

Ispaniya hukumati qirollikning Isroildagi elchisi Anu Salomonni ishdan bo‘shatdi. Shu tariqa Madrid Tel-Avivdagi vakolatxonasi maqomini elchilikdan muvaqqat vakillikka tushirdi.

Ispaniya hukumati Isroil bilan munosabatlar yomonlashuvi fonida o‘z elchisi Anu Salomon 2025 yil sentyabr oyida Madridga chaqirib olgan edi. Uning ishdan bo‘shatilishi Isroilda ispan elchisi rasman mavjud emasligini bildiradi.

Ispaniya 2024 yil may oyida Falastin davlatini tan olgach, Isroil o‘z elchisi Rodika Radian-Gordonni Madridga maslahatlashuv uchun chaqirib olgan edi. Binyamin Netanyahu ma’muriyati o‘shandan buyon Madridga elchi yubormagan. Madriddagi elchixonani muvaqqat ishlar bo‘yicha vakil boshqarib kelmoqda.

Ispaniya Isroilning xalqaro huquqqa zid harakatlarini ochiq tanqid qilayotgan G‘arbdagi kam sonli davlatlardan biridir.

Jumladan, mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches Isroilning G‘azo sektorida o‘n minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirganini qoralab, xuddi Rossiya kabi Isroil ham “Yevrovideniye” tanlovida qatnashmasligini talab qilgan.

Madrid yahudiy davlatining G‘azodagi urushiga norozilik sifatida Isroil kompaniyasidan ko‘p millionlik o‘q-dori buyurtmasini ham bekor qilgan.

Ispaniya hukumati vakili Ione Belarra Isroil G‘azoda qatliom uyushtirganini qoralab, AQSh va Yevropa Ittifoqi Isroilning xalqaro huquqqa zid harakatlariga ko‘z yumibgina qolmay, Tel-Avivning inson huquqlarini buzuvchi aparteid va ishg‘ol siyosatini qo‘llab-quvvatlayotganini aytgandi.

Xabaringiz bor, joriy yil 28 fevral kuni AQSh hamda Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli urush boshladi. Ispaniya o‘z hududidan Eronga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat bermadi. Bundan darg‘azab bo‘lgan AQSh prezidenti Donald Tramp Ispaniyaga tahdid qilib, savdo aloqalarini to‘liq uzishini aytdi.

Trampning po‘pisalariga qaramay, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushini qat’iy ravishda tanqid qilib kelmoqda. Siyosatchi urushni insoniyat uchun katta falokat deb atagan va Vashingtonni 2003 yilda Iroqqa bostirib kirgani kabi o‘tmish xatosini takrorlamaslikka undamoqda.

Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albaresga ko‘ra, ispan bazalari “AQSh bilan tuzilgan kelishuv va BMT Nizomidan tashqari maqsadlarda” ishlatilmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring