Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kongressmenlar Trampga Isroil bo‘yicha talab yo‘lladi

Kongressmenlar Trampga Isroil bo‘yicha talab yo‘lladi

Foto: AFP

AQSh Kongressining bir qator a’zolari prezident Donald Trampdan Isroil fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan zo‘ravonlik harakatlariga nisbatan javob choralari qo‘llashni talab qilmoqda.  

Amerikalik qonun ijodkorlari, xususan, Tramp ma’muriyatini Yevropa davlatlaridan namuna olishga chaqirgan.

Avval xabar berganimizdek, kuni kecha Buyuk Britaniya, Daniya, Islandiya, Ispaniya, Irlandiya, Kanada, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Finlyandiya, Fransiya va Chexiya Falastinning ishg‘ol ostidagi hududi – G‘arbiy Sohildagi Isroil aholi punktlaridan keladigan mahsulotlarga savdo taqiqi joriy etdi.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ed Miliband ushbu chorani e’lon qilar ekan, G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik sodir etayotgan yahudiy kelgindilarini terrorchilar deb atagan va ularni etnik tozalashda ayblagan.

AQSh Kongressi a’zolari mazkur 12 davlatdan ibrat olgan holda isroillik zo‘ravonlarga chora ko‘rishga undamoqda.

Senator-demokrat Kris Van Xollen Yevropa davlatlari Falastin yerlarida Isroilning noqonuniy manzilgohlari kengayishiga qarshi kamtarona bo‘lsa-da, amaliy chora ko‘rayotganini olqishlagan.

Vakillari palatasi a’zosi Xoakin Kastro ham Yevropa davlatlari joriy etgan sanksiyani to‘g‘ri qadam deb atagan.  

“Buyuk Britaniya Isroilning noqonuniy manzilgohlari bo‘yicha sanksiya va savdo taqiqi joriy etib, muhim axloqiy qadam tashladi. AQShning keyingi prezidenti ham shunday yo‘l tutishi va Falastin davlatini tan olishi kerak”, – degan Vakillar palatasi a’zosi Ro Xanna.

“Bosib olingan Iordan daryosining G‘arbiy Sohilida Isroil tomonidan ma’qullanayotgan terror amaliyoti hech qanday to‘siqlarsiz davom etmoqda, qishloqlar butunlay vayron qilinmoqda, hatto AQSh fuqarolari o‘ldirilmoqda. AQSh hukumati allaqachon kechiktirilgan mazkur qadamni tashlashi va Isroilning ishg‘oli hamda genotsidini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish uchun yanada ko‘roq ishlarni amalga oshirishi kerak”, – degan AQSh Kongressi Vakillar palatasining boshqa bir a’zosi Chuy Garsiya.

Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda G‘arbiy Sohilda zo‘ravonlik harakatlari kuchaygan.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha idorasi G‘arbiy Sohilda yahudiy aholi vakillarining falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik harakati Isroil xavfsizlik kuchlarining roziligi, ko‘magi va ba’zida bevosita ishtirokida amalga oshirilayotganini bildirgan.

Joriy yil iyul oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (OHCHR) G‘arbiy Sohilda isroillik ko‘chmanchilar tomonidan sodir etilayotgan zo‘ravonlik rekord darajaga yetganini xabar qildi.

Buyuk Britaniyada joylashgan “Save the Children” tashkiloti tahlillariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida Isroil harbiylari tomonidan G‘arbiy Sohilda bolalarni o‘ldirish ko‘rsatkichi keskin ortgan. Ikki yilda o‘ldirilgan bolalar soni 18 yil davomida o‘ldirilganlar soniga tengdir.

Amnesty International inson huquqlari tashkiloti ham Tel-Aviv hukumatini G‘arbiy Sohilda etnik tozalash amaliyotini o‘tkazish va ishg‘ol ostidagi hududni anneksiya qilishga urinishda ayblagan.

Joriy yil boshida BMTga a’zo 85 davlat Isroilning ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda amalga oshirayotgan xalqaro huquqqa zid harakatlarini keskin qoralagan edi.

Isroil 1967-yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi. Hozirga qadar mazkur hududda 160 ta manzilgoh qurilgan va 700 ming nafar yahudiy aholisi joylashtirilgan.

Tel-Aviv hukumati xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, G‘arbiy Sohilda noqonuniy manzilgohlarni ko‘paytirishga harakat qilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: Isroil parlamenti 2025-yil iyul oyida G‘arbiy Sohil “yahudiy xalqi tarixiy vatanining ajralmas qismi” ekani iddao qilgan holda, hududni qo‘shib olish haqida hujjat qabul qilgan edi. Bu harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.

BMT ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning okkupatsiya siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMT tizimidagi Xalqaro sud 2024-yilda Isroilning G‘arbiy Sohil va G‘azo sektorini bosib olganini yana bir karra noqonuniy deb e’lon qildi va okkupatsiyani to‘xtatishni buyurdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring