Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘istonda xavotir uyg‘otgan hodisa: Nazarboyev nega Putin bilan uchrashdi?

Qozog‘istonda xavotir uyg‘otgan hodisa: Nazarboyev nega Putin bilan uchrashdi?

Foto: Kreml matbuot xizmati

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevni qabul qildi. 27 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida Kreml matbuot xizmati qisqa axborot berish bilan cheklandi.

Kreml tarqatgan fotosuratda Putin va Nazarboyev oq gullar bilan bezatilgan to‘garak stolda o‘tirganini ko‘rish mumkin. Ikki siyosatchi uchrashuvda nimalarni muhokama qilgani rasmiy bildirgida ochiqlanmagan.

Putin joriy yil may oyida ham Nazarboyevni Kremlda qabul qilgan va o‘shanda TASS, ya’ni Rossiya davlat axborot agentligi bu tarzda bir piyola choy ustida uchrashuv ulkan ishonch va o‘zaro munosabatlarning a’lo darajada ekani belgisi ekani haqida yozgan edi.

Putin Nazarboyev bilan muntazam ravishda uchrashib turadi. Jumladan, 2023 va 2024 yilning dekabr oylarida ham ikki siyosatchi dasturxon atrofida suhbatlashgan edi.

1991-2019 yillarda Qozog‘istonga rahbarlik qilgan Nursulton Nazarboyev 2022 yil yanvar oyida ro‘y bergan qonli ommaviy namoyishlar ortidan Elboshi unvonidan va qator imtiyozlardan mahrum etilgan edi. Namoyishlar borasida Nazarboyevga rasmiy ayblov ilgari surilmagan bo‘lsa-da, jamoatchilikda unga nisbatan keskin e’tirozlar paydo bo‘lgani ma’lum.

Nazarboyevning Moskvada Putin bilan tez-tez diydorlashib turishi Qozog‘istonda noxush qabul qilinadi. Qozog‘iston matbuoti yozishicha, bir necha kun avvalgi uchrashuv ham mamlakatda xavotir va tashvish uyg‘otgan. Ayni choqda Nazarboyev Kremlda Putin bilan nimalarni muhokama qilgani borasida turli faraz va taxminlar ilgari surilmoqda.

“Taxminlardan biriga ko‘ra, sobiq rahbar Putin bilan 2029 yilda (Qozog‘istonda) hokimiyatning ehtimoliy tranzitini muhokama qilgan va (Putindan) to‘ng‘ich qizini qo‘llab-quvvatlash borasida va’da olishga uringan. Darig‘a Nursultonovna vatanida u qadar obro‘-e’tiborli emas, ammo Moskvada u chuqur ildizlarga ega. Ayniqsa, Nazarboyev klani vakillari Rossiya poytaxtida tup qo‘yib palak yozganiga ancha vaqt bo‘ldi”, – deyiladi Qozog‘istonning “Ulus media” nashri sharhida.

Qayd etilishicha, 85 yoshli Nazarboyevning ushbu urinishlari Qozog‘iston elitasi o‘rtasida ziddiyatni yuzaga keltirishi va buning ortidan amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga oid referendumga qadar o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun choralar ko‘rishga majbur bo‘lishi mumkin.

Qozog‘iston parlamenti deputati Yermurat Bapi N.Nazarboyev xorijdan dastak qidirayotganini sobiq prezident uchun fojia deb atagan.

“Men o‘z mamlakati, o‘z xalqidan dastak ola bilmagan bu odamga rahmim keladi. Endilikda (Nazarboyev) xorijdan madad istab yuribdi. Bu sobiq prezident uchun fojiadir”, – degan u.

Deputat Yermurat Bapi davlat siridan voqif bo‘lgan sobiq amaldorlar, jumladan, birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning xorij chiqishini qonun yo‘li bilan cheklashni ham taklif qilgan.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov fikricha, Moskvadagi uchrashuv Kremlning mintaqadagi hodisalar tadrijidan jiddiy tashvishga tushganidan dalolat beradi.

“Aynan bundan 4 yil oldin ushbu sanada (28 dekabr nazarda tutilmoqda – tahr.) MDHning norasmiy sammiti bo‘lib o‘tgan va unda Nazarboyev (garchi Qozog‘iston prezidenti yoki MDH faxriy raisi bo‘lmasa-da) qatnashgan edi. Aynan shu sammitning alohida xonalarida Qozog‘istondagi qo‘sh hokimiyat masalasi “hal qilingan” va yanvar oyi boshidan Qozog‘istonda noroziliklar boshlanib, siyosiy tus olgan, hattoki unga KXShT (aniqrog‘i, Rossiya) aralashgan edi. V.Putin N.Nazarboyev bilan uchrashish orqali Q.To‘qayev tomonidan olib borilayotgan ko‘p vektorli tashqi siyosat va ichki hokimiyat masalasiga ishora bermoqchidek go‘yo.

N.Nazarboyev oradan biroz vaqt o‘tib O‘zbekiston yetakchisi bilan ham telefon orqali gaplashgani bejiz bo‘lmasa kerak. Rossiya bilan munosabatlari sovuqlashgan Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga rasman qo‘shilishi, shuningdek, Donald Trampning O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarini G20 sammitiga taklif etishi Kremlni jiddiy tashvishga solayotgani sezilib qolmoqda.

Umuman, yangi o‘yinda eski ijrochi rolini bajarayotgan N.Nazarboyev vositachiligi Rossiyaning mintaqaga yo‘llagan geosiyosiy signali sifatida baholanishi mumkin. Ayniqsa, mintaqaning global siyosatdagi ahamiyati tobora ortib borayotgan bir sharoitda Rossiya yana o‘sha eski ta’sir usullariga e’tiborini qaratmoqda”, – deb yozadi S.Bo‘ronov.

Rossiyalik tahlilchi Arkadiy Dubnov ham Putin va Nazarboyev uchrashuvini Kremlning geosiyosiy xavotirlari bilan bog‘liq holda izohlagan.

“Ayni vaqtda tashqi dunyoda aynan (Qozog‘istonning amaldagi prezidenti Qosim-Jo‘mart) To‘qayev o‘rta darajadagi derjavaning yetakchisi sifatida tan olinmoqda. U O‘zbekiston bilan birgalikda dunyoning kuch markazlaridan olisroqda bo‘lgan Markaziy Osiyoda yangi geosiyosiy tuzilmani shakllantirmoqda. Kremlga yoqadimi yoki yo‘q, aynan Ostona va Toshkent (AQSh prezidenti Donald) Trampdan 2026 yil Mayamida bo‘lib o‘tadigan “Katta yigirmalik” sammitida qatnashish uchun taklif oldi. Tabiiyki, To‘qayev va (O‘zbekiston prezidenti Shavkat) Mirziyoyev sammit mezbonlari, amerikaliklarning mehmoni sifatida qatnashadi. Ammo “Katta yigirmalik” a’zosi bo‘lgan, lekin G‘arb sanksiyalariga mustahiq etilgan Putinning bunday taklifnomaga muyassar bo‘lishini tasavvur etish qiyin”, – deb hisoblaydi A.Dubnov.

“Strategic Focus: Central Asia” kanali esa Nazarboyevning yana katta siyosatga qaytishi ehtimolidan bahs etgan.

“Hozir N.Nazarboyev atrofida saylovlar bo‘yicha 2 ta variant muhokama qilinmoqda. Har ikkala holatda ham Moskvaning aralashmasligi va betaraf bo‘lishi juda muhim hisoblanadi.

Birinchi ssenariy – Nazarboyevning qizi Darig‘a Nazarboyevani prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surish. Bu variantni Qozog‘istondagi ayrim siyosiy va biznes doiralari qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Ikkinchi ssenariy esa noodatiyroq: N.Nazarboyevning o‘zi yana siyosatga qaytishi. Bu g‘oya 2018 yilda (Malayziyada) 92 yoshida hokimiyatga qaytgan Mahathir Muhammad misoliga o‘xshatilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Nazarboyevning Moskvaga borishidan asosiy maqsad – kelajakdagi saylovlar oldidan Rossiya bilan pozitsiyalarni kelishib olish, hech bo‘lmaganda Kremlning betarafligini ta’minlashdir. Bu tashrif tashqi siyosatdan ko‘ra ko‘proq Qozog‘iston kelajagi bilan bog‘liq ichki hisob-kitoblar bilan bog‘liq”, – deb xulosa qiladi “Strategic Focus: Central Asia” kanali.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring