Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sirli tarzda g‘oyib bo‘lgan olimlardan yana birining jasadi topildi — Daily Mail

Sirli tarzda g‘oyib bo‘lgan olimlardan yana birining jasadi topildi — Daily Mail

Foto: Daily Mail

AQShning Nyu-Meksiko shtati politsiyasi 2025-yil iyul oyida bedarak yo‘qolgan, Los-Alamos milliy laboratoriyasining 54 yoshli xodimi Melissa Kasiasning jasadi topilganini ma’lum qildi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Kasiasning jasadi Karson milliy o‘rmonidagi Makgaffi tog‘ tizmasi hududidan topilgan. Jasad yonida to‘pponcha ham aniqlangan. Ayni paytda politsiya olimning o‘lim sabablarini o‘rganmoqda.

Melissa Kasiasni so‘nggi marotaba 2025-yil 26-iyun kuni tirik holda ko‘rishgan. O‘sha kuni ertalab u Los-Alamos laboratoriyasida ishlovchi turmush o‘rtog‘ini mashinada ish joyiga eltib, so‘ngra uyiga qaytgan: u xizmat ruxsatnomasini uyda unutib qoldirgan bo‘lgan. Soat taxminan 13:00 atrofida kuzatuv kameralari Kasiasning 518-shosse bo‘ylab yolg‘iz ketayotganini qayd etgan.

Foto: GoFundMe

Bu joy uning uyidan taxminan uch milya (salkam 5 km), jasadi topilgan hududdan esa olti milyacha uzoqlikda joylashgan. Kasiasning shaxsiy va xizmat telefonlari uning uyidan topilgan, negadir har ikki qurilma zavod sozlamalariga qaytarilgan holatda bo‘lgan.

Foto: Facebook

Kasias 2025-yilda fazoni o‘zlashtirish, energetika va qurol-aslaha sohalaridagi loyihalarda ishtirok etgan holda bedarak yo‘qolgan yoki shubhali sharoitlarda halok bo‘lgan amerikalik olimlardan biridir. Masalan, Los-Alamos laboratoriyasidagi uning hamkasbi Entoni Chaves haligacha bedarak deb hisoblanmoqda. 2025 yil iyun oyida g‘oyib bo‘lgan, NASAning Reaktiv harakatlanish laboratoriyasi muhandisi Monika Hasinto Rezaning qayerdaligi haqida ham hech qanday ma’lumot yo‘q.

2025-yil 28-avgust kuni AQSh Milliy yadroviy xavfsizlik boshqarmasi xodimi Stiven Garsia ham sirli tarzda g‘oyib bo‘lgan. Uning yo‘qolishi ham Kasias voqeasini eslatadi: u ham uyida telefonini, hujjatlari bo‘lgan hamyonini va kalitlarini qoldirib, noma’lum tomonga piyoda ketgan.

2025-yil iyul oyida NASAning Marshall fazoviy markazi xodimi Joshua Leblan bedarak yo‘qolgan, keyinchalik o‘ligi topilgan. Uning jasadi yonib ketgan avtomobil ichida aniqlangan. Rasmiy xulosaga ko‘ra, o‘lim yo‘l-transport hodisasi oqibatida yuz bergan deb baholangan, ammo uning yaqinlari Leblanning avtomobil topilgan o‘rmon yo‘li atrofida hech qanday ishi bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlashmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil davomida hukumat loyihalari bilan bog‘liq amaldorlar va olimlarning 12 tadan 14 tagacha sirli yo‘qolish holatlari qayd etilgan.


Mavzu doirasida: NASA muhandisining sirli o‘limi: Olimlarning ketma-ket yo‘qolishi ortida nima turibdi?

Joshua Leblan va u kabi sirli tarzda o‘lgan yoki yo‘qolgan olimlar. Melissa Kasias shu paytgacha bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida edi.
Foto: New York Post

 


Eng shov-shuvli voqea esa 2026-yil fevral oyida Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining sobiq rahbari Uilyam Nil Makkaslandning bedarak yo‘qolishi bo‘ldi. Maxfiy loyihalar bilan ishlovchi yuqori lavozimli amaldorning g‘oyib bo‘lishi hokimiyat va maxsus xizmatlarda katta xavotir uyg‘otgan. Aynan shundan keyin OAV barcha yo‘qolish holatlarini yagona zanjir sifatida talqin qila boshladi.

Biroq hozircha politsiya va FQB yo‘qolgan yoki halok bo‘lgan olimlar o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik mavjudligini rad etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring