Tramp Rossiyaning ikkita neft kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etdi
AQSh prezidenti Donald Tramp NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan Oq uyda o‘tkazilgan uchrashuvda Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoyl», shuningdek ularning o‘nlab sho‘’ba korxonalariga qarshi jiddiy sanksiyalar joriy etilganini ma’lum qildi.
Trampning aytishicha, bu qaror Vladimir Putinning «aqlini kiritish» va Ukrainadagi urushni tugatishga undash maqsadida qabul qilingan.
«Bu katta sanksiyalar – neft sohasiga oid. Dunyodagi eng yirik ikki kompaniya – ular ruslarga tegishli va juda ko‘p neft qazib oladi.
Umid qilamanki, bu qaror Putinni ham, Zelenskiyni ham to‘g‘ri yo‘lga soladi. Bilishingiz kerak, tango raqsini ikki kishi ijro etadi, ular esa bir-birini juda yomon ko‘radi», – dedi Tramp.
Sanksiyalar Tramp ma’muriyatiga nisbatan bir necha oy davom etgan kongressdagi ikki partiyali bosim ortidan joriy etildi. Qonun chiqaruvchilar undan Rossiyaning neft sohasiga qarshi aniq choralar ko‘rishni talab qilgan edilar.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte o‘z navbatida, muntazam bosim orqali Rossiya prezidentini muzokaralar stoliga o‘tqazish va oteshkesimga erishish mumkinligini bildirdi. Uchrashuv chog‘ida, shuningdek, Kanada va YeI mamlakatlari tomonidan Ukraina uchun moliyalashtirilayotgan qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasi muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Ukraina prezidentining «Tomagavk» uzoq masofali raketalarini olish haqidagi so‘roviga javob bergan Tramp, ukrain harbiylarini ulardan foydalanishga o‘rgatish uchun «kamida olti oy, ehtimol bir yil» vaqt kerak bo‘lishini ta’kidladi.
Sanksiyalar haqidagi bayonot Trampning Budapeshtda Rossiya prezidenti bilan uchrashuvni «foydasiz» deb hisoblab, undan bosh tortganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi.
Bu orada chorshanba kuni Rossiya Ukraina shaharlariga keng ko‘lamli aviahujum uyushtirdi. Hujumlar natijasida kamida yetti kishi, jumladan bolalar ham halok bo‘lgani ma’lum qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter