Xitoy AQSh sanksiyalari ortidan Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatdi
Xitoyning yirik davlat neft korporatsiyalari – PetroChina, Sinopec, CNOOC va Zhenhua Oil kompaniyalari AQSh tomonidan Rossiyaning ikki yirik neft giganti – «Rosneft» va «Lukoyl»ga nisbatan joriy etilgan sanksiyalardan so‘ng, dengiz orqali yetkazib beriladigan rossiyalik neftni xarid qilishni vaqtincha to‘xtatdi.
Bu haqda bir nechta savdo manbalariga tayanib Reuters ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy bilan bir qatorda Rossiya neftini eng katta miqdorda sotib oluvchi Hindiston ham AQSh sanksiyalariga rioya etish maqsadida Moskvadan neft importni keskin qisqartirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bu holat Rossiyaning ikki yirik bozoridan keladigan talabni pasaytiradi va, ekspertlar fikricha, Moskva daromadlariga jiddiy zarba berishi hamda jahon bozorida neft narxlarining o‘sishiga olib kelishi mumkin.
Manbalarning ta’kidlashicha, Xitoyning davlat neft korporatsiyalari hozircha sanksiyalar xavfi tufayli Rossiya neftini dengiz orqali sotib olishni to‘xtatgan va hozircha bunga rasmiy izoh berishmagan.
Tahlilchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy har kuni taxminan 1,4 million barrel Rossiya neftini dengiz orqali import qiladi. Lekin buning katta qismi mustaqil qayta ishlovchilar – «teapot» deb ataladigan kichik korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Vortexa Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning ilk to‘qqiz oyida Xitoy davlat kompaniyalari Rossiyadan kuniga 250 ming barreldan kam neft sotib olgan, Energy Aspects esa bu ko‘rsatkichni 500 ming barrel deb baholagan.
Manbalarning ma’lum qilishicha, ayrim mustaqil qayta ishlovchi zavodlar hozircha sanksiyalarning ta’sirini baholab, xaridni to‘xtatib turibdi. Ammo ular kelgusida Rossiya neftini sotib olishni to‘liq to‘xtatmaydi, degan fikrlar ham bor.
Ekspertlar Xitoy va Hindiston Rossiya neftiga talabni qisqartirgani sabab, ular Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasidagi neft yetkazib beruvchilarga murojaat qilishga majbur bo‘lishini aytmoqda. Bu esa boshqa manbalardan kelayotgan neft narxlarining oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Rossiyaning ikkita neft kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etgani xabar qilingan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter