Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina razvedkasi: Ramzan Qodirovning sog‘ligi og‘ir ahvolda bo‘lishi mumkin

Ukraina razvedkasi: Ramzan Qodirovning sog‘ligi og‘ir ahvolda bo‘lishi mumkin

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning sog‘ligi og‘ir ahvolda bo‘lishi mumkin. Ukraina Bosh razvedka boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, u buyrak yetishmovchiligi sababli dializ muolajasidan o‘tayotgan bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.

Manbalarning ta’kidlashicha, Qodirov Chechenistondagi xususiy klinikalardan birida davolanmoqda. Ayni paytda uning oila a’zolari mazkur tibbiy muassasaga yig‘ilgani haqida ham xabarlar tarqalgan. Rasmiy Grozniy yoki Kreml bu ma’lumotlarga hozircha izoh bermagan.

Shu bilan birga, razvedka ma’lumotlarida Kreml Checheniston rahbariyati uchun ehtimoliy vorislar masalasini muhokama qilayotgani aytilgan. Manbalarga ko‘ra, ehtimoliy nomzodlar orasida Checheniston hukumati raisi Magomed Daudov, «Axmat» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Apti Alaudinov, shuningdek, Ramzan Qodirovning katta o‘g‘li Axmat Qodirov tilga olinmoqda.

Magomed Daudov 2024 yil may oyidan beri Checheniston Respublikasi hukumati raisi lavozimida ishlab kelmoqda. U 2015–2024 yillarda respublika parlamentiga rahbarlik qilgan va Qodirovning yaqin atrofidagi eng ta’sirli shaxslardan biri sifatida tanilgan.

Apti Alaudinov — general-mayor unvoniga ega harbiy amaldor bo‘lib, Rosgvardiya tarkibidagi «Axmat» bo‘linmasiga qo‘mondonlik qiladi. U inson huquqlari bilan bog‘liq da’volar sabab AQSh Kongressi tomonidan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Shuningdek, 20 yoshli Axmat Qodirov ham ehtimoliy voris sifatida tilga olinmoqda. U ayni paytda Checheniston hukumati raisi o‘rinbosari hamda sport vaziri lavozimlarini egallab kelmoqda.

Ma’lumotlar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan, rasmiy idoralar esa Qodirovning sog‘ligi va vorislik masalasi bo‘yicha hozircha bayonot bermagan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring