Urush holatidagi davlatlarga «Yevrovideniye»ga mezbonlik qilish taqiqlandi
«Yevrovideniye» musiqiy tanlovi tashkilotchisi — Yevropa radioeshittirishlar ittifoqi (EBU) xalqaro qo‘shiq tanlovi qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilganini ma’lum qildi.
Endi «Yevrovideniye»da g‘olib chiqqan davlat xavfsizligiga yoki unga bevosita tutash hudud xavfsizligiga qurolli mojaro yoki murakkab geosiyosiy vaziyat jiddiy ta’sir ko‘rsatsa, ushbu davlat keyingi yil tanlovni o‘tkazish huquqidan mahrum qilinadi.
Zarur bo‘lganda EBU g‘olib mamlakat hududidagi xavfsizlik darajasini mustaqil baholashi mumkin. Baholash natijalariga ko‘ra, g‘olib mamlakatning teleradiokompaniyasi tanlovni xavfsiz o‘tkaza oladimi yoki yo‘qmi, degan masala hal qilinadi. Agar teleradiokompaniya tanlovni qabul qila olmasligi aniqlansa, EBU muqobil tashkilotchi teleradiokompaniyani belgilaydi.
Mazkur amaliyot 2022 yilda «Yevrovideniye»da Ukraina g‘olib bo‘lganida ham qo‘llanilgan. Rossiya va Ukraina mojarosi sababli keyingi yilgi tanlov Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, yangi qoidalarga ko‘ra, barcha ishtirokchi san’atkorlar birinchi repetitsiya kuniga qadar 18 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Avval minimal yosh 16 edi.
Tashkilotchilar ushbu o‘zgarish tanlov xavfsizligini kuchaytirish va yosh san’atkorlarni «Yevrovideniye»da ishtirok etish bilan bog‘liq bosimdan himoya qilish bo‘yicha ishlarning davomi ekanini ta’kidladi.
Yangi qoidalar 2027 yildan kuchga kiradi. Shu yilgi tanlov Bolgariyada o‘tkaziladi. May oyida Shveysariyadagi tanlovda Bolgariya vakili Dara «Bangaranga» qo‘shig‘i bilan g‘oliblikka erishgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter