Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoyning sharqiy sohillariga «Delfin» to‘foni yopirildi, 1 mlndan ortiq kishi evakuatsiya qilindi (foto)

Xitoyning sharqiy sohillariga «Delfin» to‘foni yopirildi, 1 mlndan ortiq kishi evakuatsiya qilindi (foto)

Foto: Reuters

«Delfin» to‘foni Xitoyning sharqiy sohillariga yopirildi. Natijada kuchli yomg‘ir va shamollar kuzatilib, toshqinlar hamda ko‘chkilar xavfi yuzaga keldi.

To‘fon avval Yaponiyaning janubidagi Okinava prefekturasidan o‘tib, olti kishining jarohatlanishiga va 50 mingdan ortiq binoda elektr ta’minoti uzilishiga sabab bo‘ldi.

Prognozlarga ko‘ra, Xitoyning Chjeszyan, Shanxay, Futszyan provinsiyasining shimoli, Szyansi provinsiyasining shimoli-sharqi, Anxoyning markaziy va janubiy qismlari hamda Szyansuning katta qismida kuchli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Chjeszyanning markaziy va sharqiy hududlarida ayrim joylarga 250–500 millimetrgacha yog‘ingarchilik tushishi mumkin.

Meteorologlarning ma’lum qilishicha, quruqlikka chiqqanidan so‘ng «Delfin» g‘arbga qarab harakatlanadi, keyin Xitoyning markaziy va janubi-g‘arbiy hududlari ustidan sekinlashib, asta-sekin kuchsizlanadi. Bu kuchli yomg‘irning uzoqroq davom etishi, ayniqsa tog‘li hududlar va kichik daryolar bo‘yida toshqin hamda ko‘chkilar xavfining ortishiga olib kelishi mumkin.

To‘fon sabab mamlakat sharqida transport qatnovi keng miqyosda izdan chiqdi. 1 milliondan ortiq kishi o‘z uylaridan evakuatsiya qilindi.

Shanxayda kamida 30 300 kishi xavfsiz joylarga ko‘chirildi, qariyb 1 500 ta aviareys bekor qilindi.

Qo‘shni Chjeszyan provinsiyasidagi Venchjou shahrida 900 mingdan ortiq aholi boshqa joylarga ko‘chirildi va 1 mingdan ziyod favqulodda boshpana tashkil etildi.

Futszyan provinsiyasida esa xavfli hududlardan 98 900 kishi evakuatsiya qilingan. Shuningdek, 55 ta sohil yo‘lovchi parom yo‘nalishi vaqtincha to‘xtatilgan, 115 ta dengizdagi qurilish loyihasida ishlar bekor qilingan va 290 ta qurilish kemasi xavfsiz hududlarga olib o‘tilgan.

Xitoy Suv resurslari vazirligi Syantan, Yun, Szyao va Shuyyan daryolarida suv sathi sezilarli ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardagi kichik daryolarda ham suv sathi xavfli ko‘rsatkichdan oshib ketishi mumkin.

Shanxaydagi Yanshan portida kemalar prichallardan chiqarilib, 500 dan ortiq kichik va o‘rta hajmdagi kema xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring