Kattaqo‘rg‘onda tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahbusning vafoti yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi
Joriy yilning 21-fevral kuni soat 17:35 larda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 7-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan, tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28, 211-moddalari 1-qismi bilan ayblanib qamoqqa olingan, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro X.Q.ning sog‘ligi yomonlashgan.
IIV matbuot xizmati rasmiy xabariga ko‘ra, ayblanuvchi shoshilinch ravishda Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilayotgan vaqtda, shu kuni soat 18:00 larda vafot etgan.
Birlamchi sud-tibbiyot xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi 2-tip qandli diabetning og‘ir asoratlari natijasida yuzaga kelgan. Tanasida hech qanday jarohat izlari aniqlanmagan.
Ma’lumot o‘rnida, 2026 yil 18 fevral kuni ayblanuvchi X.Q. kasalligi sababli Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasiga olib chiqilgan, bu haqda uning akasi X.X.ga xabar berilgan hamda ular uchun shifoxonada qo‘shimcha uchrashuv tashkil etilgan. Zarur muolajalardan so‘ng, 20 fevral kuni shifokorlar xulosasiga asosan sog‘lig‘i qoniqarli deb topilib, hibsxonaga qaytarilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter