Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda Salar kanaliga oqova suv tashlagan qurilish kompaniyasi 2,2 mlrd so‘m kompensatsiya to‘laydi

Toshkentda Salar kanaliga oqova suv tashlagan qurilish kompaniyasi 2,2 mlrd so‘m kompensatsiya to‘laydi

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida qurilish ishlari vaqtida oqova suv quvuriga shikast yetkazilishi oqibatida katta hajmdagi oqova suv Salar kanaliga noqonuniy ravishda oqizilgani aniqlandi.

Ekologiya qo‘mitasining ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tekshiruvda «B.B.» MChJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy qurilishi davomida shahar oqova suv tarmog‘iga tegishli quvur shikastlangani va uning bir qismi o‘pirilib tushgani aniqlangan.

Natijada to‘planib qolgan oqova suvlar maxsus nasoslar yordamida hech qanday tozalashsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri Salar kanaliga chiqarib yuborilgan.

Laboratoriya tahlillari oqova suv tarkibida neft mahsulotlari qoldiqlari me’yordan 5,02 baravar, ammoniy azoti 43,5 baravar, XPK 4,9 baravar, muallaq moddalar esa 13,6 baravar yuqori ekanini ko‘rsatgan.

Shuningdek, ifloslangan tuproq namunalarida ham neft mahsulotlari qoldiqlari aniqlangan.

Mutasaddilar ma’lumotiga ko‘ra, 63 ming 936 kub metr oqova suv hech qanday ruxsatnomasiz Salar kanaliga tashlangan. Holat oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar uchun 2 milliard 160 million so‘m miqdorida kompensatsiya hisoblandi.

Bundan tashqari, oqova suvlar tufayli yer relefi va tuproq ham ifloslangani aniqlanib, buning uchun yana 60 million so‘m kompensatsiya belgilandi.

Natijada «B.B.» MChJ tabiatga yetkazilgan zarar uchun to‘lashi zarur bo‘lgan jami kompensatsiya 2 milliard 220 million so‘mni tashkil etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring