Sirdaryoda ona va uning qizini pichoqlab o‘ldirgan ayol qamoqqa olindi
Bir muddat oldin joriy yil 29-aprel kuni Sirdaryo viloyati Shirin shaharchasida 1997-yilda tug‘ilgan M.S. hamda uning 5 yoshli qizi qotillik qurboni bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ma’lum qilinishicha, ayol o‘z xonadonida uy yumushlari bilan band bo‘lib turgan paytida turmush o‘rtog‘ining shar’iy nikohdagi ayoli 29 yoshli N.X. uyga bostirib kelib, u va ikki qizini pichoqlagan. So‘ngra voqea joyidan yashiringan. Qizaloqlarning kattasi 5, kichigi 3 yoshda bo‘lgan.
Oqibatda ayol va 5 yoshli qizi Sh.S. voqea joyida vafot etgan. 3 yoshli qizi I.S. esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda u jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bugun, 1-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin tuman sudida Shirin shahar prokurorining Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a”, “v”, “j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanuvchi N. X. (ayol, 1997-yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan)ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqildi.
Sudning 2026-yil 30-apreldagi ajrimi bilan iltimosnoma qanoatlantirilib, ayblanuvchi N. X. qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter