Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentning qoq markazida 144 ta daraxt kesib tashlandi. Hokimlik buni «e’tiborsizlik» deb atayapti

Toshkentning qoq markazida 144 ta daraxt kesib tashlandi. Hokimlik buni «e’tiborsizlik» deb atayapti

Joriy yilning 25-oktyabr kuni tunda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab, Bobur ko‘chasi bo‘ylab avtomobil yo‘li yonidagi jami 144 tup daraxt kesib ketilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Poytaxt hokimligi bergan rasmiy munosabatda aytilishicha, «Bobur ko‘chasida olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida» olib borilayotgan ishlar jarayonida «avval o‘sib turgan o‘simliklar bilan bog‘liq ishlarni bajarishda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan».

O‘z navbatida, hokimlik mazkur archalarning katta qismi, mutaxassislar bergan xulosalarga ko‘ra, kasallanganini, asta-sekin qurib borayotganini aytadi.

«Ilgari bu yerda 145 tupga yaqin archa bo‘lib, mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ularning katta qismi kasallikka chalinib, asta-sekin qurib borayotgan edi. Dastlab ularni ehtiyotkorlik bilan ko‘chirib o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, mas’ul shaxslar belgilangan talablarga rioya qilmagan», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev esa, mazkur holatning orqa tomonida ro‘y bergan ayrim jihatlarni bo‘lishmoqda.

Uning aytishicha, daraxtlarni kesish «operatsiya»si boshida shahar hokimining o‘rinbosari B.Rahmonov turibdi.

«Eng qizig‘i, Yakkasaroy tumanidagi ekologiya inspektorlarimiz holatni o‘rganmoqchi, nazorat qilishmoqchi bo‘lishsa, ularni bosim ostida ushlab turilib, voqea joyiga yaqinlashtirishmagan. Daraxtlarning kesilgani aks etgan videolavhalar esa ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirtirib tashlangan», – deydi Kusherbayev.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar 620 mln 472 ming so‘mni tashkil etmoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha aybdorlarga tegishli jazo ko‘rish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura organlariga yuborish choralari ko‘rilmoqda.

«Ayni vaqtda prokuratura organlarining bu masalada xolis va qonuniy ko‘magi kerak. Chunki Yakkasaroy tumani ekologiya xodimlari bosim ostida ushbu holat bo‘yicha tezkor chora ko‘rish uchun o‘rganish va hujjatlarni rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmagan. Shu bois, holat Ekologiya vazirligi nazoratida o‘rganilmoqda», – deydi Rasul Kusherbayev.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning 31-dekabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev «Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolagan va ushbu hujjat bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan edi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring