Moped va skuter uchun «prava» olish osonlashdi
Vazirlar Mahkamasining «Transport vositalarini boshqarishga ruxsat berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Jamoatchilik fikri inobatga olingan holda moped va skuter egalari uchun haydovchilik guvohnomasini olish jarayoni yengillashtiriladi.
2026 yil 1 yanvardan moped va skuterlarni boshqarish uchun yangi «A1» kichik toifali haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi. Endi talabgorlar majburiy o‘quv kursisiz — ya’ni nazariy 180 soat va amaliy 20 soatlik mashg‘ulotlarsiz — to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtihon topshirish huquqiga ega bo‘ladi. Ular o‘quv kurslarini onlayn yoki oflayn shaklda o‘qishi yoxud mustaqil tayyorgarlik ko‘rishi mumkin.
Nazariy imtihonda 20 ta testdan 16 tasiga to‘g‘ri javob berish kifoya bo‘ladi. Shu bilan birga, «A», «B», «C» va «D» toifali haydovchilik guvohnomasiga ega shaxslar «A1» toifali mototransportni boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.
2026 yil 1 fevraldan esa «A» va «B» toifalar uchun nazariy qismni mustaqil o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi. Bu talabgorlarga vaqt va mablag‘ni tejash, shuningdek, o‘quv jarayonini o‘ziga qulay vaqtda tashkil etish imkonini beradi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan boshlab yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va o‘lim holatlarining oldini olish maqsadida yo‘ldagi avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlangan 12 turdagi qoidabuzarliklar uchun ham jarima ballari hisoblanadi. Transport vositasi egasi kim bo‘lishidan qat’i nazar, ballar aynan qoidabuzarlikni sodir etgan haydovchiga tegishli qilib hisoblanadi.
Yangi tartib aholining iqtisodiy faolligini oshirish, kurerlar faoliyatini yengillashtirish va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter