Prezident MDH va mintaqada yagona bo‘lgan markaz faoliyati bilan tanishdi
Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari korxonada amalga oshirilgan keng ko‘lamli modernizatsiya natijalari hamda uning yangi yuqori texnologik bo‘linmalari faoliyati bilan tanishdi.
Zavod negizida MDH va mintaqamizda yagona bo‘lgan “Airbus” vertolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushirilgan.
Markaz Fransiyaning “Airbus” kompaniyasi tomonidan rasmiy sertifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lib, ishlab chiqarish yuqori saviyada tashkil etilgani, xalqaro standartlar va ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligi tasdiqlangan. Bu yerda G‘arb aviatexnikasining zamonaviy modellari, shu jumladan, H-125, H-215 va H-130 rusumli vertolyotlar uchun servis va ta’mirlash ishlarining to‘liq zanjiri yo‘lga qo‘yilgan.
Markaz O‘zbekistonni “Airbus” vertolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha muhim mintaqaviy xabga aylantirish imkonini beradi.

Mamlakatimiz yetakchisi markaz imkoniyatlari bilan tanishdi va mutaxassislar bilan muloqot qildi.
Shu yerning o‘zida Prezidentimizga zavodning Su-25 harbiy samolyotlarini kapital ta’mirlash va chuqur modernizatsiya qilish bo‘yicha yangilangan sexlari taqdimot qilindi. Ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish hisobiga endilikda korxonada texnikani zamonaviy navigatsiya tizimlari, tungi ko‘rish qurilmalari va bortdagi o‘zini himoya qilish komplekslari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashrif yakunida mamlakatimiz mudofaa sanoati salohiyatini yanada mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter