"Tanklar emas, texnologiyalar hal qiladi" — Prezident zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgarganini qayd etdi
Bugun, 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgarganini ta’kidladi.
Turli mintaqaviy mojarolar kengayib, qurollanish poygasi avj olayotgani, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, xalqaro huquq normalari va xalqaro diplomatiya zaiflashib borayotgani qayd etildi.
– Bir narsani tushunib olish zarur. Zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgardi. Endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib g‘alaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Davlat rahbari barcha soha va tarmoqlar xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarishga qaratilgan “proaktiv ish rejimi”ga o‘tishi zarurligini bildirdi. Shu maqsadda Qurolli Kuchlarni sun’iy intellekt asosidagi robotlashgan majmualar, uchuvchisiz tizimlar, zamonaviy qurol-aslaha va razvedka vositalari bilan jihozlash ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter