Qashqadaryo viloyatida turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishildi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi hamda turizm sohasi vakillari ishtirokida Qashqadaryo viloyatida turizmni rivojlantirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Tashrif doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan hamda rejalashtirilgan investitsiya loyihalari, turizm infratuzilmasi ob’yektlari, shuningdek, madaniy meros maskanlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Tashrifning birinchi kunida ishchi guruh a’zolari Dehqonobod tumani «Oqrabot» mahallasi hududida joylashgan «Oq-saroy» madaniy meros ob’yekti, «Bobur qo‘ndi» tarixiy maskani hamda «Tol» dam olish hududi bilan tanishdilar. Shuningdek, tumanda xorijiy va mahalliy turistlar oqimini oshirishga qaratilgan taqdimot o‘tkazildi. «Ayridevol» mahallasida aholi dam olish maskanini tashkil etish loyihasi taqdim etildi.

Ikkinchi kuni ishchi guruh «Chiyal g‘ururim» gastrobozori loyihasi bilan tanishib, Ko‘kdala tuman markazi hamda Yettitom chorrahasini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, «Chiroqchi–Uyshun» avtomobil yo‘lini ta’mirlash, «Qalqama» suv ombori, «Tarag‘ay» va «Langar» qishloqlarini turizmga ixtisoslashtirish bo‘yicha rejalashtirilgan loyihalar o‘rganildi.
Shahrisabz tumanida joylashgan «Uloch» mahallasidagi mehmonxona majmuasi hamda 500 gektarlik agroturizm maskanini tashkil etish loyihasi taqdim etildi. Shuningdek, turistik markaz faoliyatini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va turistlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Kitob tumanida «Bashir turizm qishlog‘i» loyihasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Taxtiqoracha davoni hududida logistikani yaxshilash, Mingchinor resort, «Qaynarsoy village» turizm markazi hamda davonni kompleks rivojlantirish loyihalari bilan tanishildi.
Tashrifning uchinchi kuni Shahrisabz shahrida «Shahrisabz tarixiy maydoni» hududida tashkil etilgan xizmatlar, shuningdek, turistik jozibadorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdim etildi.
Yakkabog‘ tumanida «Qora bayir» otchilik majmuasida «Amir Temur qo‘rg‘oni» loyihasi bilan tanishildi.

Qarshi shahridagi Yerqo‘rg‘on arxeologik yodgorligida muzeylashtirish va arxeologik turizmni rivojlantirish loyihalari taqdim etildi.
Koson va Muborak tumanlarida shifobaxsh geyzer suvlari hamda tuya suti asosida davolash xizmatlarini tizimli rivojlantirish, shuningdek, viloyatda tibbiyot turizmini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishildi.
O‘rganish ishlari yakunida Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish, infratuzilmani rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter