Rossiya va Osiyo mintaqasidan pul o‘tkazmalari hajmi sekinlashishda davom etyapti – Markaziy bank
Markaziy bank 2025-yilning III choragi uchun Mehnat bozori sharhini e’lon qildi. Unda, jumladan, pul o‘tkazmalari dinamikasi va mehnat muhojirlari oqimi tahlil qilinadi.
Regulyatorga ko‘ra, pul o‘tkazmalari dinamikasi va mehnat muhojirlari oqimi 2025-yilning uchinchi choragida mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga jami 5,7 mlrd dollar miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,5 foizga o‘sdi (2024 yilning mos davrida 4,8 mlrd).
Joriy dinamikaning shakllanishi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi mamlakatlarda valyuta kurslarining nisbatan barqarorligi, ish haqining oshishi va iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari bilan bog‘liq. III chorakda Boltiq davlatlari va boshqa mintaqalardan (AQSh, Rossiya, Yevropa va Osiyo mintaqalarini hisobga olmaganda) o‘tkazmalar hajmi o‘sish sur’ati qolgan mintaqalarga nisbatan yuqoriroq saqlanib qoldi.
Xususan, mazkur mintaqalardan pul o‘tkazmalari 40 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, Yevropa, Rossiya va Osiyo mintaqalaridan esa o‘tkazmalar o‘sish sur’atining sekinlashish tendensiyasi davom etdi.
Tashqi bozorda, xususan Rossiya, Yevropa va Boltiq davlatlarida kuzatilayotgan so‘nggi tendensiyalar hamda ishchi kuchiga bo‘lgan talabning o‘sishi pul o‘tkazmalaridagi joriy dinamikaning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Bu, o‘z navbatida, mehnat muhojirlari oqimi yo‘nalishlari bosqichma-bosqich kengayayotganligidan dalolat beradi. So‘nggi yillarda migratsiya yo‘nalishlari kengayishi asosan Osiyo, Yevropa va AQSh mamlakatlarida kuzatilmoqda.
Xususan, 2025-yil 1-oktyabr holatiga Koreya Respublikasidagi O‘zbekistonlik rezidentlar soni yil boshiga nisbatan 0,4 foizga o‘sib, 95,3 mingtani tashkil etdi. Turkiyada kuzatilayotgan makroiqtisodiy vaziyatning bosqichma-bosqich barqarorlashuvi sharoitida ushbu davlatga migratsiya oqimining yuqori saqlanib qolishi kuzatilmoqda. Buni O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu davlatda berilayotgan yashash ruxsatnomalari soni hamda doimiy bo‘lmagan migrantlar oqimining oshib borayotganligidan ham ko‘rish mumkin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra so‘nggi ikki yilda xorijda ishga joylashtirilgan fuqarolar soni ham sezilarli o‘sgan. Xususan, 2025-yilning yanvar-oktyabr oylari davomida 175 mingga yaqin mehnat muhojirlari xorijga ishga joylashtirish maqsadida yuborilgan. Ta’kidlanishicha, Migratsiya agentligi orqali Osiyo va Yevropaga yuborilgan migrantlar soni sezilarli oshgan bo‘lsa-da, mehnat migratsiyasining asosiy yo‘nalishi Rossiya bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, so‘nggi yillarda AQShda istiqomat qiluvchi O‘zbekistonliklar sonining sezilarli o‘sishi kuzatilmoqda. AQSh Migratsiya siyosati instituti hisob-kitoblariga ko‘ra 2024-yilda AShQdagi o‘zbekistonliklar soni 2023-yilga nisbatan 8,8 foizga o‘sib, qariyb 82 ming nafarni tashkil etgan.
O‘z navbatida, ushbu davrda AQSh tomonidan taqdim etilgan jami vizalar soni 4,4 foizga, Grin karta dasturi va AQSh kompaniyalarining ishchi jalb qilish dasturlari doirasida taqdim etilgan vizalar soni 17,3 foizga o‘sgan.
«Umuman olganda, tashqi bozorlarda, ayniqsa migrantlarning salmoqli qismi faoliyat yurituvchi davlatlarda kuzatilayotgan so‘nggi tendensiyalar va boshqa davlatlarda mehnat muhojirlariga bo‘lgan talabning o‘sishi hamda muhojirlar tanlovining o‘zgarib borishi mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarining sezilarli kengayishiga olib kelmoqda», – deyiladi Markaziy bank sharhida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter