Toshkentda dizayn-kodni joriy etish tartibi qayta ko‘rib chiqildi
Toshkent shahrida dizayn-kod talablarini joriy etishga yondashuv tadbirkorlar va jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida qayta ko‘rib chiqildi. Bunda tadbirkorlar manfaatlari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Qayd etilishicha, konstruktiv, jumladan, tanqidiy fikrlardan so‘ng shahar ko‘chalari qiyofasidagi o‘zgarishlarni tushuntirish va tadbirkorlarga dizayn-kod talablarini yetkazish bo‘yicha yondashuv yangilandi.
Endilikda asosiy e’tibor ochiq muloqotga, ma’lumotlarni sodda va tushunarli tarzda yetkazishga hamda yuzaga keladigan masalalarni individual tartibda ko‘rib chiqishga qaratiladi.
Joriy yil 11 maydan 26 iyulga qadar dizayn-kodni joriy etish ishlari poytaxtning 56 ta ko‘chasidagi 3 228 ta tadbirkorlik subyektini qamrab olgan.
O‘zgarishlar bevosita ta’sir ko‘rsatgan tadbirkorlarning fikrini o‘rganish maqsadida Toshkent shahar hokimligi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda so‘rovnoma o‘tkazgan.
So‘rovnoma natijalari ayrim holatlarda talablar, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va bajariladigan ishlar ketma-ketligi tadbirkorlarga o‘z vaqtida va yetarlicha tushunarli tarzda izohlanmaganini ko‘rsatgan. Ushbu e’tirozlar asosli deb topilib, keyingi ishlarda inobatga olingan.
Ayni paytga qadar 509 nafar tadbirkor o‘z binosi fasadini yangilagan. Yana 2 627 nafar tadbirkorda bu boradagi ishlar davom etmoqda. Qolgan masalalar tuman hokimliklari va mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda individual tartibda ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, «Toshkent Invest Kompani» AJ, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ekspertlari ishtirokida 18 ta reklama-ishlab chiqarish kompaniyasi mutaxassislarining malakasi oshirilgan.
Ta’kidlanishicha, dizayn-kodni joriy etishdan maqsad faqat fasadlarni yagona talablarga moslashtirish emas. Asosiy vazifa — jarayonni tadbirkorlar uchun tushunarli va adolatli tashkil etish, shu bilan birga, biznes uchun asossiz qiyinchiliklar yaratmagan holda poytaxt qiyofasini yaxshilashdan iborat.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter