Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Agar kimdir katta pul ishlamoqchi bo‘lsa, Rossiyaga borsin – Lukashenko

Agar kimdir katta pul ishlamoqchi bo‘lsa, Rossiyaga borsin – Lukashenko

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lgan suhbati haqida gapirib, O‘zbekistonga go‘sht va sut mahsulotlarini yetkazib berish masalasi muhokama qilinganini ma’lum qildi.

Lukashenkoning aytishicha, Mirziyoyev undan nafaqat o‘zbekistonliklarni ish bilan ta’minlash, balki mamlakatga go‘sht va sut mahsulotlari yetkazib berishni ham so‘ragan.

«Prezident Mirziyoyev mendan odamlarni ish bilan ta’minlashnigina emas, balki go‘sht va sut yetkazib berishni ham so‘radi. Ularda yer yetarli emas, suv ham kam. Bizda esa yer ham, suv ham yetarli, go‘sht va sut ishlab chiqarish imkoniyati bor», — dedi Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus tomoni O‘zbekiston uchun boshqa bozorlarga mo‘ljallangan mahsulotlarni qayta yo‘naltirishga ham tayyorligini bildirgan.

Shuningdek, Lukashenko Belarus qishloq xo‘jaligi sohasiga o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini jalb etish taklifi ham aynan ushbu hamkorlik bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Uning aytishicha, o‘zbekistonliklar Belarusga faqat maosh topish uchun emas, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarib, keyin ularni O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish maqsadida taklif etilmoqda.

«Agar kimdir katta pul ishlash uchun kelmoqchi bo‘lsa, unda Rossiyaga borgani ma’qul. U yerda maosh ancha yuqori. Bizga esa go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun odamlar kerak», — dedi Belarus rahbari.

Lukashenkoning ta’kidlashicha, Belarusda ishlaydigan o‘zbekistonliklar sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida belaruslar bilan teng huquqlarga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin Andijon viloyati hokimligi 200 nafarga yaqin mehnat muhojirlarining Vitebsk viloyatida ishlash uchun ketgani haqida xabar tarqatgan, biroq bir necha kun o‘tib, Belarusga borgan fuqarolar oylik maosh kamligidan shikoyat qilib ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring