Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alimentdan qochgan erkak o‘z xotinini «Damas»da urib ketdi

Alimentdan qochgan erkak o‘z xotinini «Damas»da urib ketdi

Foto: Xabar.uz

Aliment to‘lamaslik uchun mas’uliyatni his etmagan ayrim otalar jinoiy xatti-harakatlardan ham to‘xtashmayapti.

«Biroq, aliment to‘lovidan qochib yoki undan bo‘yin tovlab qochib ketadimi, yashirinadimi va hatto, sud qarori bilan 15 sutka qamoq jazosini o‘tab chiqadimi, baribir, ota voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment to‘lashga majbur. Farzandlarni ta’minotisiz qoldirish — jinoyat. Har bir ota farzand mas’uliyatini unutmasligi shart»,— deydi Buxoro viloyat Sudi axborot xizmati rahbari Feruz Sharopov.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Alimentdan voz kech yoki mendan yaxshilik kutma» sarlavhasi ostida tarqalgan xabar foydalanuvchilar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Holatga ko‘ra, Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida yashovchi fuqaro Sh.A. uzoq yillar davomida muntazam ravishda turmush o‘rtog‘i Z.D.ni siquvga olib, urib, haqoratlab kelgan. Biroq, 4 nafar farzandga ona bo‘lgan Z.D. «ostonadan yugurib chiqadigan kelin» degan gap-so‘zlardan qochib, sabr bilan mashaqqatli kunlarni boshidan o‘tkazgan.

Biroq, u keyinchalik «uzoq yillik uyqudan ko‘z ochgan» va farzandlari uchun tirik qolish maqsadida sudga ajrim uchun ariza bergan.

Navoiy viloyati Fuqarolik sudi joriy yilning 12 avgustida ajrashish masalasini ko‘rib chiqib, 3 oy muddat belgilagan. Shuningdek, sud Sh.A.ga 4 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lashi yuzasidan ham qaror chiqargan. Afsuski, 13 avgust kuni Sh.A. turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, «Alimentdan voz kech, aks holda, mendan yaxshilik kutma»,— deya tahdid qilgan.

14 avgust kuni tongda Sh.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli avtomashinasida uyidan chiqqan va  yo‘l chetidan ketayotgan turmush o‘rtog‘ini urib yuborgan. Natijada Z.D. og‘ir jarohat olgan.

Sh.A. Z.D.ni hushsiz holatda tuman markaziy shifoxonasiga olib kelgan. Unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, og‘ir ahvoldagi bemor uzoq vaqt hushiga kelmagan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, umurtqasi sinib, asab tomirlari shikastlangan. Belidan past qismi falaj bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlarini boshlagan ichki ishlar organlari xodimlariga Sh.A. ushbu holatni qasddan sodir qilmaganini, baxtsiz hodisa tufayli urib yuborganini va shu boisdan, Z.D.ni o‘zi kasalxonaga zudlik bilan olib kelganini bildirgan. Va shunga ko‘ra, Sh.A.ning xatti-harakatlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Biroq, oradan ma’lum muddat o‘tgach, og‘ir ahvoldagi bemor hushiga kelgan va asl holatni ochiqlagan. Z.D. ichki ishlar organlari xodimlariga turmush o‘rtog‘i Sh.A uni boshqa tasodif tufayli emas, balki, u yo‘l chetidan yurib borayotganida, «Damas» avtomashinasida qasddan urib, bosib o‘tib ketganini bildirgan.

Z.D.ning yaqin qarindoshlari esa dastlabki tergov davomida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishidan norozi bo‘lib, voqeani qasddan urib ketish va qochib ketish, deb hisoblamagani, unga yengil ayblov qo‘yilgani, aybdorning qamoqda emas, ozodlikda yurgani, shuningdek, Z.D.ning salomatligi og‘ir ekani yuzasidan shikoyat qilishgan.

«Ma’lumki, Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan sud hukmiga ko‘ra, tegishli jazo qo‘llaniladi.  Aybdorning ayni paytda ozodlikda yurgani bu uning jazosiz qolayotganini ko‘rsatmaydi. Ayni paytda ham holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. Ta’kidlash joizki, fuqaro Z.D. hushiga kelgach, tergov harakatlariga jalb qilingan va u turmush o‘rtog‘i tomonidan avtomashinasi orqali qasddan urib ketilganini bayon qilgan. Unga qadar sodir etilgan yo‘l transport hodisasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining  266-moddasi, 1-qismi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq, holat oydinlashgach, olib borilayotgan ish qayta malakalanib, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi,  2-qismi bilan ish qo‘zg‘atilgan.  Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hech bir shaxs, hech bir aybdor qonundan qochib keta olmaydi. Sodir etilgan har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar», — deydi Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring