Ayrim bolalar uchun tutingan oila xizmati joriy etiladi
Zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
«2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni (PF–256-son, 24.12.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar bolalardagi zo‘ravonlik natijasida olingan ruhiy jarohatning salbiy ta’sirini kamaytirish, xulq-atvoridagi og‘ishishlar va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi.
Zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga «Inson» markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi.
Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi.
Bunday oilaga joylashtirilgan har bir bolaning yashash xarajatlari uchun qonunchilikka muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi.
2026 yil 1 sentyabrdan:
- zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga va zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga ular tegishli protsessual xatti-harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi;
- zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi;
- ta’lim, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish tashkilotlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq aniqlangan faktlar haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.
2026 yil 1 martdan «Inson» markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari uchun «mehrli oila» xizmati tashkil etiladi.
«Mehrli oila» xizmatiga ota-onalar Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining qarori asosida jalb qilinadi.
«Mehrli oila» xizmatiga jalb qilingan ota-onalarga farzandlarining oilasi bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashish uchun «oilaviy terapiya» xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter