Biznes Ombudsman aralashuvi bilan quruvchi tadbirkorning muammosi hal bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil rahbarining shaxsiy qabulida Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan «K & E-T» MChJ vakili murojaat qilib, barcha vakolatli idoralardan tegishli ruxsatnomalarni olgan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun tuman qurilish bo‘limi tomonidan ruxsat berilmayotganini ma’lum qildi.
Murojaat Biznes Ombudsman devoni tomonidan o‘rganilib, jamiyat tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etilgan ariza tuman arxitektori tomonidan asossiz ravishda rad etilgani aniqlandi. O‘rganish jarayonida rad etish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar mavjud emasligi, shuningdek, ma’muriy tartib-taomillar buzilgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan mutasaddi mansabdor shaxsga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rildi hamda arizani qonunchilik talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ayni vaqtda korxonaga o‘ziga tegishli ob’yektda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirib berilishi ta’minlandi.
Biznes Ombudsman instituti tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat organlari tomonidan asossiz qarorlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter