«Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi ishga tushiriladi. Uning vazifalari nimalardan iborat?
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlarini ko‘rsatish bosqichlarini maqbullashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarga ortiqcha majburiyatlar yuklatilishining oldini olish, davlat tashkilotlari, aholi va biznes o‘rtasida raqamli muloqotni to‘laqonli yo‘lga qo‘yish va bu boradagi islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturini ishga tushirishga doir farmoyishini imzoladi.
Dasturning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
- davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash;
- tadbirkorlikni rag‘batlantirish, mamlakatning xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorligini oshirish;
- raqamli boshqaruv va davlat boshqaruvi sohalarida mamlakatimizning ijobiy imijini shakllantirish;
- ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va jarayonlarning shaffofligini oshirish orqali suiiste’molchilik xavfini kamaytirish.
Dasturning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish maqsadida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida loyiha ofisi tashkil etiladi hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
- Dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirish masalalari bo‘yicha xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
- Dastur doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritish;
- har yil yakunida vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi o‘rinlarda – davlat tashkilotlari) tomonidan davlat boshqaruvida byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligini baholash, e’lon qilish hamda davlat tashkilotlari va tashabbuskorlarni rag‘batlantirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritish.
Hujjatga muvofiq, byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va ko‘rib chiqish, bu borada amalga oshirilgan ishlarning samaradorligini baholash Agentlik operatori va mulkdori hisoblanadigan «Zero Bureaucracy» raqamli platformasi orqali amalga oshiriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter