O‘zbekistonda o‘ta noyob jonzot yo‘qolib ketish xavfi ostida
Biz Afrika savannalaridan olingan videolarda ko‘rib o‘rganganimiz chiziqli giyena O‘zbekistonda ham yashaydi. Ko‘p emas, CITES CoP20 doirasida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda aytilishicha, nari borsa 30-40 tacha chiqarkan. U ham bo‘lsa faqat Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlarida uchrashi aytildi.
Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya (CITES CoP20)ning 20-yig‘ilishi doirasida “Chiziqli giyena xavf ostida” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu sayd-ivent O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Tojikiston Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etildi va chiziqli giyenani saqlab qolish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga bag‘ishlandi.
Ma’lumot uchun: chiziqli giyena — ekotizimlarning asosiy «sanitarlari»dan biri bo‘lib, kasalliklarning oldini olish va tabiiy muvozanatni saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Biroq ekologik ahamiyatiga qaramay, bu tur global ekologik kun tartibida yetarlicha yoritilmagan va butun areali bo‘ylab kuchayib borayotgan xavflarga duch kelmoqda.

Tadbir quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha muloqot maydoniga aylandi:
— tur holati bo‘yicha yangilangan ma’lumotlarni transchegaraviy hududlar kesimida taqdim etish;
— CITES va ko‘chib yuruvchi turlar bo‘yicha konvensiya (CMS) kabi xalqaro huquqiy mexanizmlarning rolini muhokama qilish;
— IUCN Qizil ro‘yxatida chiziqli giyenaning maqomini qayta ko‘rib chiqish jarayonini boshlash hamda bu ishga areal davlatlarini, olimlarni va tegishli tashkilotlarni jalb qilish.
Munozaralar davomida ta’kidlandiki, ushbu turni global darajada qayta baholash nafaqat bioxilma-xillikni saqlash, balki zoonoz kasalliklar tarqalish xavfini kamaytirish uchun ham zarurdir.
Ishtirokchilar, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik istiqbollari, moliyalashtirish imkoniyatlari va chiziqli giyenani muhofaza qilish choralarini bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha milliy strategiyalarga kiritish yo‘llarini ko‘rib chiqdilar.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, chiziqli giyena to‘g‘risida yangi yondashuv — uni “tushunarsiz yirtqich” emas, balki ekotizimlarning eng muhim hamkori sifatida ko‘rsatish — tabiatni muhofaza qilish choralarini mustahkamlashda hal qiluvchi qadamdir.

Mutaxassislar tomonidan ta’kidlanishicha, mintaqada Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonda kam sonli uchraydigan chiziqli giyenani ko‘rish juda qiyin. U hatto fotoqopqonlarga ham tushmagan. Chiziqli giyenani shu vaqtga qadar faqat mahalliy aholi vakillari uchratgan. Chorva boqib yurgan cho‘ponlar tomonidan olingan videolar ushbu tur yurtimizda uchrashini tasdiqlaydi.

Chiziqli giyena uchun asosiy xavf ham aynan odamlar tomonidan bo‘lmoqda. Boisi chiziqli giyena chorvaga huruj qilgan taqdirda cho‘ponlar tomonidan o‘ldirilgan holatlar uchrab turadi. Mutaxassislar ushbu vaziyatning oldini olish maqsadida chorvasi talofotga uchragan aholiga kompensatsiya to‘lash taklifini ilgari surdilar.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter