Daraxtlarni ichimlik suvida sug‘orishga qo‘yilgan cheklov bahor va yoz oylarida bekor qilinadi
Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlari egalik qilib turgan yer maydoni hududidagi dov-daraxtlarni sug‘orish maqsadida ichimlik suvidan foydalanish vaqtiga qo‘yilgan cheklov (soat 00:00 dan boshlab, 05-00 gacha) bahor va yoz fasllarida bekor qilinadi.
Bunda ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanish bo‘yicha cheklov o‘z kuchida qoladi. Ko‘p kvartirali uylarga esa sug‘orish uchun suv rezervuarlarini o‘rnatish choralari ko‘riladi.
Prezident imzolagan farmonga muvofiq, shuningdek maydoni 1 000 kvadrat metrdan ko‘p bo‘lgan qurilish uchastkalarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish va uni Ekologiya qo‘mitasiga integratsiya qilish qurilishni davom ettirishning eng asosiy sharti etib belgilanadi.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan esa yoz-kuz mavsumida asosiy yo‘l chetlarida mavjud bo‘lgan daraxt va butalarni kunning birinchi yarmida hamda haftada kamida 3 marta yuvish ishlari va tegishli xulosaga asosan biotexnik tadbirlar amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, Toshkent shahri hududida atmosfera havosining sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan mikroiqlim barqarorligini ta’minlash maqsadida poytaxt hokimligi:
- Suv xo‘jaligi vazirligi va «O‘zsuvta’minot» AJ bilan birgalikda uch oy muddatda poytaxtning 4 ta yo‘nalishida (sharq, g‘arb, shimol va janub qismlarida) kamida 3 tadan sun’iy ko‘l va suv havzalarini tashkil etadi;
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Toshkent shahri hududidagi favvoralar sonini kamida 2 baravarga ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter