Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ekstremizmga javobgarlik qayta ko‘rib chiqiladi

Ekstremizmga javobgarlik qayta ko‘rib chiqiladi

Foto: Senat

Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi. Hujjat bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda qator qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek, ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining atributlari yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash va saqlash birinchi marta sodir etilganda ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Jinoiy javobgarlik esa mazkur qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilgan holatdagina yuzaga keladi. Senatda qayd etilganidek, bunday yondashuv adashgan fuqarolarning huquqlarini ta’minlash, ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish va qayta ijtimoiylashtirishga xizmat qiladi.

Hujjatda ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, ularga rahbarlik qilish va ularda ishtirok etganlik uchun javobgarlik choralari ham tabaqalashtirilmoqda.

Amaldagi qonunchilikda ushbu harakatlarning barchasi uchun bir xilda 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan edi. Yangi tartibda bunday tashkilotlarda ishtirok etganlik uchun yengilroq, ularni tuzish yoki rahbarlik qilganlik uchun esa og‘irroq sanksiyalar belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni saqlash yoki tarqatishda ishtirok etgan shaxs hokimiyat organlariga o‘z vaqtida xabar bersa hamda og‘ir oqibatlarning oldini olishga faol ko‘maklashsa, jinoyatning boshqa tarkibi bo‘lmagan taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi belgilanmoqda.

Qonun bilan «diniy ekstremizm» atamasini «ekstremizm» atamasiga almashtirish taklif etilmoqda. Senatda ta’kidlanishicha, bu ekstremizmni muayyan din bilan bog‘lash amaliyotiga chek qo‘yish va qonunchilikda yagona huquqiy yondashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, «ekstremizm» tushunchasining chegaralari aniqlashtirilib, unga sakkizta xatti-harakat doirasi asosida qat’iy ta’rif berish belgilanmoqda.

Qonun doirasida ekstremizmning oldini olish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish, ekstremistik tashkilotlar va materiallarning yagona elektron reyestrini yuritish hamda bu haqda xabar bergan shaxslarni himoya qilish mexanizmlari ham mustahkamlanmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qo‘llab quvvatlash ham nazarda tutilgan.

Muhokamalar yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring