Havo tozalagichlar qimmatlik qilyaptimi? (video)
Mamlakatimizda havo tozalovchi qurilmalarga boj undirilmasada, biroq bunday qurilmalarni xarid qilishni hammaning ham cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Shu sababli ko‘plab oilalar tabiiy va arzon muqobil yechimlar izlaydi.
Bu borada floristlarning aytishicha, xonaki gullar nafaqat bezak, balki tabiiy havo tozalovchi vosita hamdir. Tajribali florist bilan suhbatimizda ma’lum bo‘lishicha, ayrim gullar xonadagi zararli moddalarni yutib, kislorod ajratadi va havoni namlaydi.
— «Masalan, sanseveriya, spatifillum va xlorofitum kabi gullar havodagi chang va zararli gazlarni yutish xususiyatiga ega. Eng quvonarlisi, bu gullar murakkab parvarish talab qilmaydi», — deydi florist.
Mutaxassisning aytishicha, aksariyat kishilar gullar parvarishi qiyin deb o‘ylab, ularni qishda uyda saqlashdan cho‘chiydi. Aslida esa to‘g‘ri tanlangan gul ozgina e’tibor bilan ham gullabyashnaydi. Haftasiga bir-ikki marta sug‘orish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri tushmaydigan joy va vaqti-vaqti bilan barglarini artib turishning o‘zi kifoya.
Qish mavsumida ham so‘limaydigan, issiq talab qilmaydigan gullar orasida zamiokulkas, sanseveriya, dratsena va kaktuslar alohida ajralib turadi. Bu o‘simliklar harorat o‘zgarishiga chidamli bo‘lib, kam sug‘orilsa ham uzoq yashaydi.
— «Agar uyda bolalar yoki allergiyaga moyil odamlar bo‘lsa, tirik gullar sun’iy havo tozalagichlarga qaraganda ancha xavfsiz va foydali», — deya qo‘shimcha qiladi florist.
Xulosa qilib aytganda, xonaki gullar — bu nafaqat ko‘rkamlik, balki sog‘lom muhit, tejamkorlik va tabiat bilan yaqinlikdir. To‘g‘ri tanlangan oddiygina gul bilan ham uyingiz havosini, ham kayfiyatingizni yaxshilashingiz mumkin.
Ko‘rsatuv davomida gullar parvarishi bo‘yicha xalq orasida «jaydari gulchi» nomi bilan mashhur bo‘lgan mutaxassisdan qimmatli tavsiyalarni olishingiz mumkin. Albatta yaqinlarga ham ulashishni unutmang!


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter