Mahalla — islohotlar tayanchi va yuksalish nuqtasi
O‘zbek jamiyatining tarixiy xotirasida “mahalla” tushunchasi oddiy hududiy birlik sifatida emas, balki odamlar taqdirini bog‘laydigan ijtimoiy rishta, qo‘ni-qo‘shnichilik mas’uliyatini tarbiyalaydigan hayot maktabi sifatida yashab kelgan. Keksalar duosi, yoshlar tarbiyasi, mehr-shafqat, hashar, yarashuv va hamjihatlik madaniyati – bularning barchasi asrlar davomida mahalla muhitida shakllangan.
Shu bois ham jamiyatdagi islohotlar haqida gap ketganda, ularning haqiqiy o‘lchovi odamlar hayotidagi o‘zgarishlar bilan, ya’ni mahalladagi kayfiyat, farovonlik va adolat hissi bilan baholanadi. Mahalla qayerda kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda jamiyat barqaror, inson qadri ulug‘, taraqqiyot esa xalqqa yaqin bo‘ladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasi ham aynan shu mazmunda – davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun strategik yo‘nalishlarni belgilab bergan muhim siyosiy-huquqiy hujjat sifatida yana bir bor o‘z ahamiyatini namoyon etdi.
Murojaatnomada islohotlarning markazida inson manfaati, xalq bilan muloqot, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari turgani, eng muhimi – davlat siyosati joylarda, aholiga eng yaqin bo‘g‘in orqali amaliy natijaga aylanishi kerakligi yaqqol sezildi. Shu ma’noda 2026 yilga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nom berilgani ramziy shior emas, balki islohotlarning ijtimoiy tayanch nuqtasini aniq belgilab beruvchi dasturiy yondashuv sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bu g‘oyaning mohiyati oddiy, ammo juda muhim: fuqarolarning ehtiyoji, dardi va muammosi birinchi navbatda mahalla darajasida ko‘rinadi. Demak, adolatli va samarali boshqaruv ham aynan shu yerdan – odamlar kundalik hayotiga eng yaqin nuqtadan boshlanishi lozim. Mahalla bugun faqat ma’muriy hudud emas; u fuqarolik jamiyatining tabiiy tayanchi, jamoatchilik nazorati va hamjihatlik madaniyati qaror topadigan muhit, aholini davlat qarorlari qabul qilinishiga yaqinlashtiradigan amaliy maydonga aylanmoqda.
Prezidentimiz Murojaatnomasida fuqarolik jamiyati institutlarini, xususan mahalla institutini kuchaytirish tashabbuslarining ustuvor qo‘yilishi ham jamiyatni yuksaltirishning eng ta’sirchan yo‘li sifatida qaralayotganini anglatadi.
So‘nggi yillarda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar “aholi bilan ishlash”ni tizimli yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.
Xususan, mahallada “yettilik” tizimining joriy etilishi, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam kabi 100 dan ziyod xizmatlarni mahalla darajasiga tushirish orqali millionlab fuqarolarga manzilli ko‘mak yetkazish imkoniyati kengaygani ta’kidlandi. Bu yondashuv ijtimoiy himoyani kuchaytirish bilan cheklanmay, bandlik va tadbirkorlikni rag‘batlantirish orqali aholi daromadini oshirishga yo‘naltirilgani bilan ham ahamiyatli. Chunki fuqaro uchun eng muhim narsa – “tizim” emas, natija: ish o‘rni, daromad manbai, muammoning tez hal bo‘lishi, adolatli munosabat.
Ayniqsa, aholi farovonligini oshirishda mahallaga resurs va vakolatlarni tushirishga qaratilgan tashabbuslar sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab bermoqda. “Tashabbusli budjet” doirasida mahalla aholisi o‘z tashabbusi bilan yo‘l, suv, maktab, bog‘cha kabi muhim loyihalarni ilgari sursa, xarajatning bir qismini davlat qoplab berishi mexanizmlari kengayishi – fuqaroning qaror qabul qilishdagi ishtirokini amaliy mazmun bilan to‘ldiradi. Bunday mexanizmlarda “davlat – ijrochi, xalq – kuzatuvchi” emas, balki “xalq – tashabbuskor, davlat – qo‘llab-quvvatlovchi” tamoyili mustahkamlanadi. Natijada mahalladagi ishonch, mas’uliyat va jamoaviy nazorat kuchayadi.
Mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish masalasi ham Murojaatnomadagi umumiy mantiqqa mos ravishda talqin etilmoqda. Xususan, sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning ma’lum ulushini mahalla budjetiga yo‘naltirish, 2026 yildan boshlab mahallalar budjetiga har yili mablag‘ ajratish kabi yondashuvlar mahallaning moliyaviy barqarorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha resurslar hisobidan kelgusi bir yilda 2 mingta mahallaga qo‘shimcha 8,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi tashabbusi mahalla endi farovonlikni ta’minlashning real iqtisodiy instrumentiga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Moliyaviy detsentralizatsiyaning demokratik mazmuni ham ana shu yerda namoyon bo‘ladi: resurs aholiga yaqinlashgan sari qaror qabul qilish jarayonida jamoatchilik ishtiroki va talabchanligi ortadi, natija uchun mahallada jamoaviy mas’uliyat kuchayadi. Shu nuqtai nazardan “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingi, infratuzilma xarajatlarining kattaroq qismini qoplash, qo‘shimcha mablag‘ ajratish kabi rag‘batlantiruvchi mexanizmlar fuqarolik faolligini iqtisodiy manfaat bilan uyg‘unlashtirgan holda kuchaytirishi mumkin. Chunki raqobat muhitida tashabbus ham, tartib ham, natija ham qadrlanadi.
E’tiborli jihati shundaki, Murojaatnomadagi yondashuvga ko‘ra, mahalla faqat “yordam tarqatadigan” yoki “muammo ro‘yxatlaydigan” bo‘g‘inga aylanib qolmasligi lozim. Aksincha, u inson salohiyatini ishga soladigan, bandlikni kengaytirib, oila daromadini oshiradigan, profilaktika va tarbiya orqali ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtiradigan tizim sifatida ko‘rilmoqda.
Shu bois har bir mahallada ixtisoslashuvni to‘g‘ri belgilash, mikroloyihalarni shakllantirish, bo‘sh davlat mulkini auksionga chiqarish vakolatlarini kengaytirish, tushumning muayyan ulushini mahallaning o‘zida qoldirish kabi qarorlar “farovonlikni mahalladan boshlash” g‘oyasini iqtisodiy jihatdan mustahkamlaydi.
Fuqarolik jamiyati institutlari haqida so‘z ketganda, mahalla bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik kengashlari, tashabbuskor guruhlar va faol fuqarolar ishtiroki ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Demokratik taraqqiyotning mazmuni aynan shu institutlarning mustaqil fikr bildirishi, tashabbus ko‘rsatishi, jamoatchilik manfaatlarini himoya qilishi va davlat idoralari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshira olishi bilan o‘lchanadi. “Jamiyatni yuksaltirish” g‘oyasi mahalla bilan hamkorlikda ishlayotgan fuqarolik institutlari orqali haqiqiy ijtimoiy “immunitet”ga aylanadi: har bir o‘zgarish aholi tomonidan tushuniladi, qabul qilinadi va qo‘llab-quvvatlanadi.
Bu o‘rinda muhim vazifa – fuqarolik jamiyati institutlarini formal “qo‘shimcha bo‘g‘in” emas, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi sifatida mustahkamlashdir. Chunki mahallada bandlik, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar tarbiyasi, oila mustahkamligi, ekologik madaniyatni oshirish kabi masalalar ma’muriy ko‘rsatma bilan emas, jamoatchilik fikri, mahalladagi hayotiy tajriba va ijtimoiy sheriklik orqali barqaror yechim topadi. Shuning uchun mahalla “yettiligi” faoliyatini kompleks baholash, joylarda yagona jamoa bo‘lib ishlash, har bir tashabbusni aniq loyihaga aylantirish kabi talablar amalda fuqarolik jamiyatining samaradorlik mezoniga aylanishi kerak.
Mahalla institutining yana bir muhim vazifasi – jamoatchilik ishtirokini kengaytirish. Fuqaro davlatni ko‘pincha mahalla orqali “ko‘radi”: murojaat qiladi, taklif beradi, muammo ko‘taradi, xizmat oladi. Demak, mahallani raqamlashtirish, xizmatlarni soddalashtirish, ma’lumotlar almashinuvini tizimlashtirish orqali inson omilini qisqartirishga qaratilgan tashabbuslar aholi uchun qulaylik yaratishi barobarida davlat faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ham kuchaytiradi. “Raqamli mahalla” tamoyillarini mustahkamlash esa jamoatchilik ishtirokining zamonaviy texnologik asosini yaratadi.
Xulosa shuki, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb belgilanishi fuqarolik jamiyatini kuchaytirish orqali xalq farovonligini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining mantiqiy davomidir.
Mahallaga resurs va vakolatlarni tushirish, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, tashabbuskor fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilma va bandlik loyihalarini kengaytirish – bularning barchasi inson qadrini ta’minlashga, ijtimoiy adolatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Baxtiyor Abdullayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi bo‘lim boshlig‘i


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter