O‘zbekiston va Filippin o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi mumkin
O‘zbekiston va Filippin o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati muhokama qilindi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov Filippinning Erondagi elchisi Roberto Manalo bilan uchrashdi. Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi, kimyo va oziq-ovqat sanoati hamda turizm sohalarida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi. Shuningdek, ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Turizm va transport aloqalarini rivojlantirish doirasida O‘zbekiston va Filippin o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, turizm sohasi vakillarining o‘zaro tanishuv safarlarini tashkil etish taklif qilindi.
Uchrashuv yakunida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter