Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda ajrimlarning asosiy sabablari aytildi

O‘zbekistonda ajrimlarning asosiy sabablari aytildi

O‘zbekistonda nikohdan ajralish holatlarining asosiy sabablari o‘zaro ishonchsizlik, bir-birini tushunmaslik, moddiy yetishmovchilik va uchinchi shaxslarning oilaga aralashuvi ekani ma’lum qilindi.

Bu haqda Senatning 19-yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova mamlakatda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha parlament so‘rovi muhokamasida ma’lum qildi.

Majlisda qayd etilishicha, 2026-yilning birinchi yarmida respublika bo‘yicha ajrimlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,3 foizga oshgan. Senat raisi Tanzila Norboyeva ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay ajrimlar ko‘payib borayotgani sabablarini chuqur tahlil qilish zarurligini ta’kidladi.

Dilnoza Kattaxonovaning aytishicha, sudlarga ajrim bo‘yicha berilgan murojaatlar tahlilida xarakterlarning mos kelmasligi, o‘zaro ishonchsizlik va oilaviy hayotga tayyor emaslik kabi sabablar katta ulushni tashkil etmoqda. Uning ta’kidlashicha, ushbu omillar birgalikda ajrim sabablarining 60 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

Shu bilan birga, ijtimoiy fikrni o‘rganish natijalarida respondentlar ajrimlarga olib keluvchi asosiy omillar sifatida:

  • 50 foiz holatda — o‘zaro ishonchsizlikni;
  • 46 foizda — bir-birini tushunmaslikni;
  • 34 foizda — moddiy yetishmovchilikni;
  • 29 foizda — uchinchi shaxsning oilaga aralashuvini ko‘rsatgan.

Qo‘mita raisiga ko‘ra, bu sabablarning bir qismini mahalla darajasidayoq bartaraf etish mumkin. Shu bois nikohni qayd etish uchun ariza berilgan bosqichdan boshlab mahalla «yettiligi», nuroniylar, mahalla raislari va xotin-qizlar faollarining yoshlar hamda ularning oila a’zolari bilan ishlashi rejalashtirilmoqda.

Xususan, ajrimga moddiy yetishmovchilik yoki ishsizlik sabab bo‘layotgan bo‘lsa, oila a’zolarini bandlik bilan ta’minlash choralari ko‘rilishi, boshqa ijtimoiy yoki psixologik muammolar bo‘lsa, ular bo‘yicha alohida manzilli ish tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

Kattaxonova har bir ajrim sababi bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va ularning ijrosi nazorat qilinishini bildirdi. Qo‘mita oila bilan ishlashni ommaviy tadbirlar o‘tkazishdan ko‘ra, muammoning aniq sababiga qarab individual va natijaga yo‘naltirilgan tizimga o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring