Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda uzoq umr ko‘ruvchi ayollar soni erkaklarga nisbatan ikki baravar ko‘p – statistika

O‘zbekistonda uzoq umr ko‘ruvchi ayollar soni erkaklarga nisbatan ikki baravar ko‘p – statistika

2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 90 va undan katta yoshdagi aholi soni 18 915 nafarni tashkil etdi.

Shahar joylarida uzoq umr ko‘ruvchilar soni qishloqlarga qaraganda ko‘pchilikni tashkil etadi (shaharda – 56,5 foiz, qishloqda – 43,5 foiz). Uzoq umr ko‘ruvchilarning uchdan ikki qismini (66,3 foiz) ayollar, qolgan 34,6 foizini erkaklar tashkil etadi.

Hududlar kesimida uzoq umr ko‘ruvchilar soni Farg‘ona viloyati (2582 nafar) Toshkent shahri (2155 nafar), Qashqadaryo viloyati (2011 nafar), Surxondaryo viloyati (1799 nafar) va Toshkent viloyatida (1740 nafar) yuqori.

Demografik prognozlarga ko‘ra, yaqin kelajakda O‘zbekistonda uzoq umr ko‘ruvchilar soni muntazam oshib boradi hamda 2030-yilda – 44 016, 2040-yilda – 93 971 nafarni tashkil etadi.

Bu o‘sishning asosiy sababi 1935–1950-yillarda tug‘ilgan avlodning uzoq umr ko‘ruvchi yoshga kirishi bilan izohlanadi.

Ushbu yillarda tug‘ilish ko‘rsatkichlari juda yuqori bo‘lgan (36,6–30,9 promille). Shu bilan birga, O‘zbekistonda umr ko‘rish davomiyligining ortishi ham uzoq umr ko‘ruvchilar sonining ko‘payishini ta’minlamoqda. Jumladan, 2010-yilda respublikada tug‘ilishda kutilayotgan hayot davomiyligi 73 yoshni, 2024-yilga kelib esa 75,1 yoshni tashkil etgan.

«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, uzoq umr ko‘rishning eng muhim ijtimoiy omili – ijtimoiy faollik hisoblanadi.

Respondentlarning 76,3 foizi faol ijtimoiy hayot tarzi insonni ruhan va jismonan sog‘lom saqlashini ta’kidladi. Bu tendensiya ayollar (76,4 foiz) va erkaklar (76 foiz) o‘rtasida deyarli bir xil darajada namoyon bo‘ldi.

Genetik omillar ham ahamiyatli bo‘lib, respondentlarning 38,8 foizi ularning oilalarida uzoq umr ko‘ruvchilar ko‘pligi ularning uzoq umr ko‘rishiga turtki bo‘lgan deb hisoblaydilar.

O‘zbekistonda uzoq umr ko‘ruvchilar sonining yil sayin ortib borishi sog‘lom turmush tarzi, ijtimoiy faollik va oilaviy munosabatlarning barqarorligini ham ko‘rsatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring