O‘zgaruvchan dunyoda O‘zbekistonning o‘z qat’iy yo‘li bor
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis hamda xalqimizga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasi mohiyatan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Ushbu Murojaatnomada o‘tayotgan yilda amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan yutuqlar sarhisob qilinibgina qolmasdan, kelgusi yilning nomlanishi, mamlakat taraqqiyoti uchun ustuvor bo‘lgan maqsad va vazifalar ham aniq belgilab berilgani alohida ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlarga to‘xtalib, quyidagicha ta’kidlaydi:
“Bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan, yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan o‘zgarishlar, davlatlar o‘rtasida iqtisodiy qarama-qarshilik va xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali bir vaziyatda sizlar bilan o‘ta murakkab yilni yakunlayapmiz”.
Darhaqiqat, bugun dunyo miqyosida kechayotgan xavf-xatarlar va qarama-qarshiliklar barchamizga ma’lum. Ana shunday murakkab davrda Prezidentimiz tomonidan tinchlikparvar tashqi siyosat izchil amalga oshirilayotgani, xorijiy mamlakatlarga o‘nlab tashriflar uyushtirilgani, shu bilan birga O‘zbekistonda 30 ga yaqin turli darajadagi xalqaro anjuman va uchrashuvlar o‘tkazilgani mamlakatimiz tashqi siyosati oqilona va muvozanatli yo‘lga qo‘yilganining yaqqol dalilidir.
Ayni paytda mamlakat iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sib borayotgani ham quvonarli hol. Davlatimiz rahbari bu borada shunday deydi:
“Bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bu natijalar xalqimizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanini yaqqol namoyon etmoqda”.
Murojaatnomada sport sohasidagi yutuqlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Prezidentimiz:
“O‘zbekiston futboli uchun 2025 yil chinakam tarixiy yil bo‘ldi. Milliy terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mohir shaxmatchilarimiz Jahon kubogi musobaqalarida munosib ishtirok etdi. Ayniqsa, navqiron grossmeysterimiz Javohir Sindorovning eng yosh jahon kubogi sohibi bo‘lgani barchamizga yuksak g‘urur bag‘ishladi”, — deya sportchilarimiz yutuqlarini faxr bilan sanab o‘tdi.
Nafaqat sport, balki ta’lim, ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarida ham katta yutuqlarga erishilayotgani Murojaatnomada alohida qayd etildi. Xususan, o‘quvchi va talabalarimiz xalqaro fan olimpiadalarida jami 278 ta medalni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz intellektual salohiyatini butun dunyoga namoyon etdi. Bu — Yangi O‘zbekistonning bilimga tayangan taraqqiyot yo‘lidagi mustahkam qadamlaridir.
Bundan o‘n yillar avval “yopiq hudud” sifatida qaralgan O‘zbekiston bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati natijasida xalqaro maydonda munosib o‘rin egallab, nufuzli xalqaro anjumanlar o‘tkaziladigan ishonchli mamlakatga aylandi. Ayniqsa, yaqin qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarning har tomonlama mustahkamlanishi bunda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Murojaatnomada bunga aniq misollar keltiriladi. Jumladan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining Xo‘janddagi tarixiy uchrashuvi, Bryusselda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik bitimining imzolanishi, AQSh, Yaponiya, MDH doirasidagi sammitlar — bularning barchasi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Murojaatnomada belgilangan muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri — zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini shakllantirishdir. Bu borada elektron hukumat platformasini tubdan yangilash, sun’iy intellekt asosida davlat xizmatlari va murojaatlarni boshqarish, “raqamli sud” konsepsiyasini joriy etish kabi vazifalar belgilandi.
Xususan, 2026 yildan boshlab davlat xizmatlari, funksiyalar, ma’lumotlar bazalari va davlat xizmatchilarining vakolatlari yagona raqamli platformaga integratsiya qilinishi belgilandi. Bu esa ochiqlik, samaradorlik va inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.
Sud-huquq sohasida esa tergov sudyalari instituti, “xalq vakillari hay’ati”ni joriy etish, sun’iy intellekt orqali jarayonlarni raqamlashtirish kabi yangiliklar adolatli sudlovni ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz tomonidan taqdim etilgan Murojaatnoma mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan aniq va puxta dastur vazifasini o‘taydi.
A’zamjon FORMONOV,
O‘zbekiston Inson huquqlari
“Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi raisi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter