Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yulduzlardan yo‘l xaritasigacha: taraqqiyotning yangi strategiyasi

Yulduzlardan yo‘l xaritasigacha: taraqqiyotning yangi strategiyasi

2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llangan Murojaatnoma davlat taraqqiyotining navbatdagi bosqichini belgilab bergan, strategik va mafkuraviy jihatdan o‘ta muhim siyosiy hujjat sifatida tarixga kirdi. Ushbu Murojaatnoma nafaqat yaqin yillar, balki mamlakatning keyingi o‘n yillikdagi institutsional qiyofasini shakllantirishga qaratilgan dasturiy yo‘l xaritasi hisoblanadi.

Tarixiy vorislik va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligi

Murojaatnomada qo‘llangan eng ta’sirli ramziy obraz — Mirzo Ulug‘bek bobomizning yulduzlar xaritasiga murojaat bo‘ldi. Prezident ushbu obraz orqali olti asr avvalgi ilmiy tafakkur va sivilizatsion yutuqlarni bugungi davlatchilik tajribasi bilan ma’naviy va g‘oyaviy jihatdan bog‘ladi.

“Bugun esa biz hozirgi va kelajak avlodlarimiz uchun baxtli hayotga olib boradigan yo‘l xaritasini yaratishimiz lozim”, degan fikr davlat siyosatida qisqa muddatli qarorlardan uzoq muddatli strategik fikrlashga o‘tish zarurligini anglatadi. Bu yondashuv Yangi O‘zbekiston siyosiy ongining sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.

Islohotlarning yangi formulasi

Agar so‘nggi to‘qqiz yil islohotlarni boshlash, iqtisodiyotni tiklash va mamlakatni tashqi dunyoga ochish davri bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yildan e’tiboran davlat siyosatining markaziga natijadorlik va inson manfaati qo‘yilmoqda.

Iqtisodiy erkinlik — bozor munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va raqamli xizmatlarni har bir xonadongacha yetkazish orqali iqtisodiy faollikni kengaytirishda namoyon bo‘ladi.

Ijtimoiy himoya esa passiv yordamdan faol ijtimoiy integratsiyaga o‘tishni nazarda tutadi. Bu tizim insonni boqishga emas, balki uning mehnati, bilimi va tashabbusi orqali jamiyat hayotida to‘liq ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.

“Mahalla – Inson – Natija” formulasi davlat boshqaruvini quyidan yuqoriga qarab tashkil etishga asoslangan, milliy xususiyatlarga mos samarali model sifatida shakllanmoqda.

Ozod va mas’uliyatli fuqaro konsepsiyasi

Murojaatnomada davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni qayta anglash hamda zamon talablariga mos ravishda yangilash zarurati ochiq-oydin belgilab berildi.

Bu yondashuv fuqaroni islohotlarning passiv ob’yekti emas, balki davlat siyosatining faol sub’yekti sifatida ko‘rish tamoyiliga asoslanadi. Shu ma’noda, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori — mustaqil fikrlaydigan, o‘z huquq va erkinliklarini anglaydigan, jamiyat hayotida tashabbuskor va mas’uliyatli pozitsiya egallaydigan fuqarodir.

Bunday sharoitda davlat boshqaruvining ochiqlik, hisobdorlik va fuqarolar manfaatiga xizmat qilish tamoyillariga to‘liq o‘tishi huquqiy davlat va ochiq jamiyatni barpo etishda hal qiluvchi omilga aylanadi.

Global tahdidlar sharoitida milliy jipslik

Jahonda geosiyosiy ziddiyatlar, iqtisodiy beqarorlik va turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bir paytda, Murojaatnomada ichki birlik va ijtimoiy barqarorlikka alohida urg‘u berildi.

“Bir bo‘lsak, yagona xalq, yagona millat bo‘lib olg‘a intilsak, ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz!” degan da’vat barcha siyosiy kuchlar, ijtimoiy qatlamlar va fuqarolik jamiyati institutlarini umumiy strategik maqsad atrofida birlashtirishga qaratilgan tarixiy chaqiriq sifatida yangradi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ushbu Murojaatnomada uchta asosiy ustuvor yo‘nalish yaqqol namoyon bo‘ladi:

  1. Institutsional barqarorlik — qonun ustuvorligi, mustaqil sud hokimiyati va samarali davlat institutlari.
  2. Texnologik jadallik — raqamlashtirish, innovatsiyalar va logistika tizimini rivojlantirish orqali raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish.
  3. Ma’naviy suverenitet — milliy qadriyatlar, fuqarolik erkinligi va ma’naviy barqarorlikni ta’minlash.

Ushbu Murojaatnoma 2026 yilni nafaqat barqaror iqtisodiy o‘sish, balki inson qadrini yuksaltirish, fuqaroni davlat siyosatining bosh mezoni va markaziy sub’yekti sifatida qaror toptirishga qaratilgan qat’iy, izchil va uzoq muddatli harakatlar dasturiga aylantirdi.

Ibrohimjon Saydullayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi xodimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring