Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga Murojaatnomasi boshlandi.
«So‘nggi to‘qqiz yilda biz sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik.
Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoyani kengaytirdik, qonun ustuvorligini mustahkamladik.
Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik.
Buning tasdig‘ini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab, bog‘cha va shifoxonalar, obod ko‘cha va mahallalar, transport-logistika tizimi, raqamli xizmatlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin», – dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.
Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, boshlangan demokratik islohotlar qat’iy davom ettirilgani, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati, hamjihatlik asosi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaytirilgani, odamlarning ongi va dunyoqarashi o‘zgarib, el-yurtimiz yanada jipslashgani, tadbirkor, dehqon va fermerlarning tashabbuskorligi va mardona mehnati, o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosat hisobiga 2025 yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi.
Avvalo, jahon miqyosida ishlab chiqarish va transport-logistika zanjirlari uzilgan, xomashyo va moliyaviy resurslar narxi oshgan sharoitda ham mamlakatimiz iqtisodiyoti ishonchli va barqaror o‘sishda davom etmoqda.
Bu natijalar dunyo hamjamiyati va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda.
«E’tibor bering, bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi.
Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bunday yuksak natijalar xalqimizning, barchamizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanimizni yaqqol namoyon etmoqda», – dedi davlatimiz rahbari.
Global savdo tizimida «o‘yin qoidalari» o‘zgarayotgan bir paytda joriy yil eksportimiz 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi ta’kidlandi. Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi.
Bu yil iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi.
Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda. Bu esa iqtisodiyotimiz kelgusi yillarda ham yuqori sur’atlar bilan barqaror o‘sib borishi uchun zamin bo‘ladi.
O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi, xalqaro reytinglardagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda.
Xususan, yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini «BB-»dan «BB» pog‘onasiga ko‘tardi.
«Bu gaplar ko‘pchilikka oddiy bir fakt bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin, iqtisodchilar, investor va bankirlar gap naqadar katta natijalar haqida borayotganini juda yaxshi tushunib turibdi.
Birgina ana shu o‘zgarish tufayli chetdan jalb qilinadigan resurslarning foiz stavkasi 1-1,5 punktga pasayib, tashqi qarz xarajati yiliga 250-300 million dollarga kamayadi.
Shuningdek, Jahon banki e’lon qilib boradigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida O‘zbekiston 71 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, dunyoning Top-10 ta mamlakati qatoridan joy oldi (9-o‘rin)», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter